Logo

Suv xo‘jaligidagi korrupsiya davlatga 70 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazdi

Bugun 20:172 daqiqa

Suv xo‘jaligi tizimida ikki yarim yilda yuzlab korrupsiyaviy jinoyatlar aniqlandi. Endi sohadagi xavflarni bartaraf etish uchun maxsus «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilmoqda.

Suv xo‘jaligidagi korrupsiya davlatga 70 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazdi

2024–2025 yillar hamda joriy yilning o‘tgan davrida suv xo‘jaligi tizimida 243 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan. Bu haqda 26-iyun kuni Suv xo‘jaligi vazirligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, mazkur jinoyatlarda tizimning 301 nafar xodimi ishtirok etgan. Oqibatda davlat va jamiyat manfaatlariga 70 milliard so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan.

Majlisga Oliy Majlis Senati raisi va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva raislik qildi. Unda sohada korrupsiyaning oldini olish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, raqamlashtirishni jadallashtirish, manfaatlar to‘qnashuvini cheklash hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari tanqidiy muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun ajratilgan subsidiyalardan noqonuniy foydalanish, suv fondi yerlarini boshqarishdagi qonunbuzarliklar hamda raqamlashtirish ishlarining sustligi korrupsiya xavfini kuchaytirayotgan omillar sifatida ko‘rsatildi.

Shuningdek, sohada joriy qilingan «Aqlli suv» qurilmalarining katta qismi haligacha to‘liq samarali ishlamayotgani ham tanqid qilindi. Bu esa suv resurslarini hisobga olish va nazorat qilish tizimi samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Yig‘ilish ishtirokchilari korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat huquqbuzarliklarni aniqlash emas, balki ularning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan tizimli omillarni bartaraf etish muhimligini qayd etdi.

Majlis yakunida Suv xo‘jaligi vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga bildirilgan takliflar asosida sohadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha choralar ishlab chiqish topshirildi.

Xususan, idoralar 10 kun muddat ichida korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etishga qaratilgan maxsus «yo‘l xaritasi»ni tayyorlab, uni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga kiritishi lozim. Hujjat sohadagi mavjud muammolarni tizimli bartaraf etish va davlat mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan choralarni o‘z ichiga olishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Suv xo‘jaligidagi korrupsiya davlatga 70 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazdi | Vaqt.uz