Tayvan har bir aholisiga 314 dollardan beradi: bunga sun’iy intellekt sabab bo‘ldi
Sun’iy intellekt ortidan kelgan global iqtisodiy bum mamlakatga shu qadar katta daromad keltirdiki, endi davlat o‘z boyligini hech qanday qarzlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolarning cho‘ntagiga tarqatmoqchi.

Tayvan hukumati global texnologiyalar bozoridagi talabning keskin ortishi ortidan kuzatilayotgan misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sish sababli aholiga moliyaviy mablag‘lar tarqatishni rejalashtirmoqda.
Mamlakat prezidenti Lay Sinde har bir fuqaroga 10 ming Tayvan dollari (taxminan 314 AQSH dollari) miqdorida to‘lov amalga oshirilishini e’lon qildi. Bu haqda «Taipei Times» nashri ma’lum qildi.
Nashrning yozishicha, mazkur maqsadlar uchun kelgusi yil budjetida 235,7 milliard Tayvan dollari (qariyb 7,4 milliard AQSH dollari) miqdorida mablag‘ zaxiraga olingan.
Rekord darajadagi iqtisodiy o‘sish
Mablag‘larning tarqatilishi global miqyosda sun’iy intellektga (SI) bo‘lgan talabning ortishi bilan bog‘liq iqtisodiy bum bilan izohlanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha YAIM o‘sishi 15,43 foizgacha qayta ko‘rib chiqilgan, ikkinchi chorak esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 12,93 foizni tashkil etgan.
Shu tariqa, mamlakat iqtisodiyoti ketma-ket uch chorak davomida ikki xonali sur’atlarda o‘smoqda. Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra o‘sish 14,15 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu so‘nggi yarim asrdagi eng yaxshi natijadir, deyiladi xabarda. Shuningdek, yillik prognoz 9,64 foizdan 11,05 foizga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi 39 yil ichidagi rekord bo‘lishi kutilmoqda.
Qarzlarsiz amalga oshiriladigan to‘lovlar
Prezident o‘z so‘zida fuqarolar o‘ziga xos «SI dividendi»ni olishini va bunda davlat budjeti kamomadsiz qolishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu to‘lovlarni amalga oshirish uchun davlat yangi qarzlar olmaydi.
Qayd etilishicha, agar mamlakat parlamenti yil oxiriga qadar budjetni tasdiqlasa, mablag‘lar Oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil bayramigacha (2027 yilning 6-fevraliga qadar) fuqarolarga berilishi mumkin.





