Tibbiyot muassasalarida bemorlardan 440 mln so‘mga yaqin asossiz mablag‘ olingani aniqlandi

Bugun 12:152 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi Sirdaryo va Jizzax viloyatidagi tibbiyot muassasalarida pullik xizmatlar narxlari shakllantirilishida 350 minga yaqin fuqarolardan asossiz mablag‘ olingan holatlarni aniqladi.

Tibbiyot muassasalarida bemorlardan 440 mln so‘mga yaqin asossiz mablag‘ olingani aniqlandi © president.uz

Raqobat qo‘mitasi aholiga ko‘rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi qonunchilik talablariga muvofiqligini o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda. Nazorat tadbirlari davomida Sirdaryo va Jizzax viloyatidagi yirik tibbiyot muassasalari faoliyatida qator kamchiliklar aniqlangan.

Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Guliston tibbiyot klasterida o‘tkazilgan tekshiruvlarda muassasa 2024 yil davomida ko‘rik xizmatlari bo‘yicha bilvosita xarajatlarni taqsimlash koeffitsiyentini hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

Buning oqibatida 110 turdagi pullik tibbiy xizmatlar bo‘yicha qariyb 100 ming nafar iste’molchi bilan hisob-kitoblar noto‘g‘ri amalga oshirilgan va muassasa tomonidan 340 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olingan.

Raqobat qo‘mitasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchilar iste’molchilarga xizmatlar haqida aniq va tushunarli ma’lumot berishi shartligini, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish taqiqlanganini ta’kidladi.

Shu asosda hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan Guliston tibbiyot klasteriga nisbatan qariyb 340 mln so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.

Jizzaxda ham qonunbuzilish aniqlandi

Jizzax viloyatidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialida ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan. Tekshiruvlarga ko‘ra, 2023–2025 yillar davomida pullik tibbiy xizmatlar narxlari noto‘g‘ri hisoblangani sababli 40,5 mingga yaqin mijozdan 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz undirilgan.

Maxsus komissiya qarori bilan mazkur filialga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, iste’molchilardan ortiqcha undirilgan mablag‘ni qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

Teglar

Mavzuga oid