Toshkent ilk bor 500 million dollarlik yevrobond chiqaradi

Prezidentning yangi topshirig‘iga ko‘ra, endi poytaxtning 12 ta tumani aniq sohalarga ixtisoslashtiriladi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun esa ilk bor 500 million dollarlik yevrobondlar chiqarilishi kutilmoqda.

Toshkent ilk bor 500 million dollarlik yevrobond chiqaradi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-aprel kuni Toshkent shahri iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Hokimga topshiriq

Yig‘ilishda poytaxt milliy iqtisodiyotda alohida o‘rin tutishi qayd etildi. Bugungi kunda Toshkent shahri mamlakat yalpi ichki mahsulotining 21 foizini ta’minlamoqda. Joriy yil “Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili” deb e’lon qilinib, shahar iqtisodiyotini 12 foizga oshirish, 3,6 milliard dollarlik eksportni ta’minlash, 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 616 ming aholi bandligini ta’minlash kabi katta marralar belgilangan.

Shu munosabat bilan shahar hokimligi, uning 12 nafar o‘rinbosari va 12 ta tuman hokimi proaktiv ish tashkil qilib, sanoat, eksport, investitsiya va turizm sohalaridagi ehtimoliy pasayishlarning oldini olishi zarurligi ta’kidlandi. Prezident buning uchun poytaxtda mehnat resurslari ham, moliyaviy imkoniyatlar ham yetarli ekanini ta’kidladi.

Tumanlar sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtiriladi

Yig‘ilishda joriy yil yangicha yondashuv asosida shaharning 12 ta tumani aniq bir sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtirilishi qayd etildi. Jumladan, Bektemir tumani kimyo sanoati va ulgurji savdoga, Mirzo Ulug‘bek tumani kabel sanoati, ilm-fan, ta’lim va axborot texnologiyalariga, Mirobod tumani oziq-ovqat sanoati, turizm va umumiy ovqatlanishga, Uchtepa zargarlik, maishiy xizmat va chakana savdoga, Chilonzor farmatsevtika, savdo, xizmat ko‘rsatish va sportga, Shayxontohur mebelsozlik va gastroturizmga, Yunusobod qog‘oz sanoati va turizmga, Yashnobod elektrotexnika hamda transport-logistikaga, Yakkasaroy yengil sanoat va moliyaviy xizmatlarga, Yangihayot avtomobilsozlik va logistikaga, Olmazor qurilish materiallari sanoati va ta’limga, Sergeli esa metallurgiya, logistika va avtoservis sohalariga yo‘naltiriladi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash

Toshkent shahrida nostandart takliflar ishlab chiqish maqsadida oxirgi ikki hafta davomida 23 mingdan ziyod tadbirkor bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani, 1 ming 300 dan ortiq muammo aniqlangani, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan 162 ta yangi taklif va tashabbus bildirilgani ma’lum qilindi. Bu taklif va muammolarning birortasi ham e’tibordan chetda qolmasligi kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, poytaxtda maxsus investitsiya va ishbilarmonlik muhitini joriy qilish orqali yangi tajriba yaratilishi belgilandi. Jumladan, biznes uchun ruxsatnoma va litsenziyalar berish vakolatini tegishli vazirlik va idoralardan ularning hududiy bo‘linmalariga tushirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi yondashuvlarini joriy etish, tadbirkorlarning logistika bilan bog‘liq muammolarini tezkor hal qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, aylanma mablag‘ bilan ta’minlash va biznesni kengaytirish uchun qulay shartlarda yangi moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutilgani qayd etildi.

Tadbirkorlar ko‘targan muammo va takliflarni tezkor hal qilish uchun alohida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif qilindi. Uning zimmasiga tumanlarni drayver sohalar asosida rivojlantirish, iqtisodiy va ijtimoiy konyunkturani doimiy monitoring qilish, o‘sish nuqtalari va foydalanilmayotgan zaxiralarni aniqlash, tizimli to‘siqlarni bartaraf etish, g‘oya va tashabbuslarni shakllantirish, ularni moliyalashtirish va ijrosini nazorat qilish vazifalari yuklanadi.

500 million dollarlik yevrobond

Umuman, barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, qo‘shimcha 88 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 4,9 milliard dollarlik eksportni ta’minlash va 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish, budjetga 2,9 trillion so‘m tushum ta’minlash, 65,5 mingta yuqori daromadli va doimiy ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha aniqlangan yangi zaxiralarni ishga solish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahriga qo‘shimcha 500 million dollar jalb qilish maqsadida poytaxt yevrobondlarini chiqarish taklif qilindi.

Poytaxt tadbirkorlarini Toshkent, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridagi yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lab, mahalliylashtirish va kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha dastur tasdiqlash topshirildi.

Kelgusida yirik xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda Toshkent shahri iqtisodiyotini chuqur tahlil qilish va rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid