Toshkent viloyatida sport va AKTga milliardlab mablag‘ ajratildi

Bugun 19:553 daqiqa

Zoyir Mirzayev farmoyishi bilan Toshkent viloyatida sport tashkilotlari va AKT markaziga 3,4 mlrd so‘m ajratildi. Futbol, shaxmat va kiberxavfsizlik uchun mablag‘lar taqsimoti.

Toshkent viloyatida sport va AKTga milliardlab mablag‘ ajratildi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning 2026-yil 27-martdagi farmoyishi bilan viloyatdagi ayrim sport tashkilotlariga qariyb 17,7 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. VAQT.UZ mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi hujjat bilan tanishdi.

Hujjatda pul ajratish sababi quyidagicha izohlangan:

«O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 12, 14 va 23-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-iyundagi 4751-sonli, 2024-yil 19-iyuldagi 274-sonli, 2023-yil 8-maydagi 150-sonli qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi 99-sonli, 2022-yil 22-maydagi 311-sonli qarorlarida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2026-yil 18-martdagi VII-30-30-10-0-K/26-sonli hamda 2026-yil 18-martdagi VII-30-31-10-0-K/26-sonli qarorlariga muvofiq, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O.Tursunov, viloyat hokimi o‘rinbosari O.Sultanbekovlarning bildirgilarini inobatga olib, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga asosan ... mablag‘ ajratilsin».

Qayerga qancha pul berilyapti?

Farmoyishga qo‘shimcha qilingan ilovadan viloyat Futbol assotsiatsiyasi ishchi xodimlarining 2026-yil uchun ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni amalga oshirish xarajatlari uchun 1 mlrd 151 mln so‘m, Shaxmat federatsiyasi viloyat bo‘limi ishchi xodimlarining oylik maoshlariga va sportning shaxmat turi bo‘yicha hokim kubogi o‘tkazish xarajatlari uchun 336,6 mln so‘m, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi ishchi xodimlarining noyabr va dekabr oylik ish haqlari va unga tenglashtirilgan to‘lovlarini to‘lash xarajatlari uchun 125,3 mln so‘m ajratilganini bilish mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Voleybol federatsiyasi Toshkent viloyati bo‘limi qoshidagi professional voleybol sport klubini sport jihoz va anjomlar bilan ta’minlash xarajatlari uchun 68,6 mln so‘m ajratilmoqda.

AKTga 1,7 mlrd so‘m

Zoyir Mirzayevning farmoyishida Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi «Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi» MCHJ tomonidan axborot xavfsizligini ta’minlash (Yagona kiberxafsizlik uzeliga ulash), davlat organlari va tashkilotlarda «Xalq nazorati» platformasining yuritilishi hamda 2026-yil uchun AKT markazi ishchi xodimlariga ish haqi xarajatlari uchun 1 mlrd 625 mln so‘m, Axborot tizimlarini barqaror ishlashini ta’minlash, foydalanuvchilar ma’lumotlarini ruxsatsiz kirishdan himoya qilish hamda kiberxavfsizlik infratuzilmasini mustahkamlash maqsadida amalga oshiriladigan ishlar uchun zarur texnik vositalar hamda dasturiy ta’minot o‘rnatish xarajatlariga 161,8 mln so‘m ajratilishi ham keltirilgan.

Pul qayerdan ajratiladi?

Hujjatda qayd etilishicha, viloyat mahalliy budjetining 2026-yil boshiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan umumiy hisobda 3 mlrd 468 mln so‘m mablag‘ ajratiladi. Viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi mablag‘ ajratish bo‘yicha «Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimi»da tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlaydi. Viloyat g‘aznachilik boshqarmasi esa ajratilgan mablag‘ bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Otabek Tursunov zimmasiga yuklangan.

Teglar

Mavzuga oid