Logo

Toshkentda qarovsiz qolgan tarixiy bino zamonaviy san’at markaziga aylantirildi

Bugun 10:342 daqiqa

6-sentabr kuni Toshkentda yillar davomida tashlandiq holda turgan tarixiy inshoot negizida yangi zamonaviy san’at markazi ish boshlaydi.

Toshkentda qarovsiz qolgan tarixiy bino zamonaviy san’at markaziga aylantirildi

Toshkent markazida uzoq yillar davomida qarovsiz qolgan sobiq dizel elektr stansiyasi binosi qayta tiklanib, 6-sentabr kuni Toshkent zamonaviy san’at markazi — CCA Tashkent sifatida o‘z eshiklarini ochadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha mamlakatda tarixiy merosni asrab-avaylash va madaniy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Inshootni qayta tiklash va uni zamonaviy madaniy markazga moslashtirish konsepsiyasi Fransiyaning «Studio KO» me’moriy byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihada tarixiy muhit zamonaviy arxitektura yechimlari bilan uyg‘unlashtirilgan.

Markazda ko‘rgazma zallari, ta’lim maydonlari, tadqiqot markazi, maxsus kutubxona va jamoatchilik uchun ochiq zonalar barpo etilgan. Bu yerda jahon va o‘zbek zamonaviy san’ati namunalarini ko‘rish, ma’ruzalar, seminarlar va kino namoyishlarida qatnashish, shuningdek, ilmiy izlanishlar olib borish mumkin.

Markazning ilk ko‘rgazmasi

CCA Tashkent o‘z madaniy missiyasini «Hikmah» ko‘rgazmasi bilan boshlaydi. Loyiha 11 nafar yetuk san’atkorning ijod namunalarini bir joyga jamlaydi.

Ko‘rgazma orqali moziy hikmati, ajdodlar xotirasi va yangi davr estetikasi o‘rtasidagi bog‘liqlik namoyon etiladi. Tashkilotchilar bu orqali tarixiy meros va zamonaviy san’at o‘rtasida muloqot o‘rnatishni maqsad qilgan.

Ma’lumot uchun, markaz joylashgan bino 1912-yilda mashhur me’mor Vilgelm Geynselman loyihasi asosida qurilgan. Dastlab shahar tramvaylari deposi bo‘lgan inshoot keyinchalik dizel elektr stansiyasi sifatida ishlatilgan. Bir asrdan ortiq tarixga ega bino uzoq vaqt tashlandiq holda qolgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda qarovsiz qolgan tarixiy bino zamonaviy san’at markaziga aylantirildi | Vaqt.uz