Toshkentdagi «Izza» bozorida yong‘in sodir bo‘ldi

21.02.2026 | 10:551 daqiqa

FVV'ga ko‘ra, avval bozor ma’muriyati kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirilgan. Biroq ushbu qoidabuzarliklar o‘z vaqtida to‘liq bartaraf etilmagani oqibatida yong‘in kelib chiqqan

Toshkentdagi «Izza» bozorida yong‘in sodir bo‘ldi

Toshkent shahri Uchtepa tumanida joylashgan «Izza» qurilish mahsulotlari bozorida yong‘in sodir bo‘lib, 200 kvadrat metr maydondagi rom va eshik mahsulotlari yonib ketdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumot berdi.

Vazirlik xabarida aytilishicha, yong‘in haqida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 21-fevral kuni soat 05:09 da xabar kelib tushgan. Qutqaruv bo‘linmalari soat 05:18 da voqea joyiga yetib borgan va yong‘in 05:38 da o‘rab olingan. Soat 06:00 ga kelib yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

Hodisa natijasida bozor hududida joylashgan 200 kvadrat metr maydondagi qurilish mahsulotlari, xususan, rom va eshiklar zarar ko‘rgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inning tarqalishiga yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilinmagani sabab bo‘lgan.

FVV ta’kidlashicha, 16-fevral kuni mazkur bozor Davlat yong‘in nazorati organi tomonidan tekshirilgan. Tekshiruv davomida yong‘in xavfsizligi qoidalarining bir qator buzilish holatlari aniqlangan va kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar bozor faoliyati to‘xtatilib, uch kunga elektr ta’minotidan uzilgan.

Bozor ma’muriyati tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kafolat xati taqdim etgan. Biroq vazirlikka ko‘ra, qoidabuzarliklar o‘z vaqtida to‘liq bartaraf etilmagani oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Hozirda hodisa yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yashnoboddagi «Aviator» savdo majmuasida yong‘in yuz berib, oqibatida 3 yashar qizcha halok bo‘lgan edi.

Teglar

Mavzuga oid