add

UNESCO poytaxtiga aylangan Samarqand, skuterlar uchun yangi A1 toifa — hafta dayjesti

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.

UNESCO poytaxtiga aylangan Samarqand, skuterlar uchun yangi A1 toifa — hafta dayjesti


Toshkentda daraxt va butalarga qiron keltirildi

O‘zbekistonda daraxt kesishga qarshi moratoriy joriy qilinganiga qaramasdan, 25-oktyabr tunida Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasida 174 tup daraxt va butalar “vijdonsizlarcha” kesib tashlandi. Holbuki ularni avaylab, boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazish mumkin edi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning topshirig‘iga asosan obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlangan. Shuningdek, holatni to‘xtatishga uringan ekologiya inspektoriga kuch ishlatilib, uning telefon apparati olib qo‘yilgan.

Hodisa jamoatchilik va ekologik faollar e’tiborini tortdi. Ekologiya vazirligi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi mas’ullari joyiga chiqib holatni o‘rgandi. Tekshiruv natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 1 milliard 460 million 952 ming so‘m deb hisoblandi. Bu haqda vazirlik rasmiy ma’lumot berdi.

Toshkentda daraxt kesilishi bo‘yicha tekshiruv boshlandi. Noqonuniy kesilgan daraxtlar shahar ekotizimiga zarar yetkazgani aniqlanib, hujjatlar prokuraturaga yuborildi. Hokimlik vaziyatni nazoratga olib, aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini bildirdi.

 

Skuterlarga haydovchilik guvohnomasi olish osonlashadi

O‘zbekistonda yangi toifadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etilgani haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri bo‘ldi. Qaror jamiyatda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, ayniqsa yoshlar va kurerlik sohasida faol ishlayotganlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan moped va skuter egalari uchun “A1” kichik toifali haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi. Endilikda bu transport vositalarini boshqarish uchun mototsiklchilarga beriladigan  “A” toifasi talab etilmaydi.

Yangi guvohnomani olishda avtomaktablarda o‘quv kurslarini majburiy o‘tish shart emas — talabgorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri faqat nazariy imtihon topshirishi mumkin. Imtihonda 20 test savolidan 16 tasiga to‘g‘ri javob berish kifoya.

“A”, “B”, “C” va “D” toifali guvohnomaga ega shaxslar “A1” toifali transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.

Mazkur qaror kurerlik tizimida ishlayotganlar, yoshlar va kam ta’minlangan fuqarolarga mototransportdan foydalanishni yengillashtirishga qaratilgan. Shu bilan birga, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi nazorat mexanizmlari ham joriy etiladi.

 

Endi kamera va radarlar ham jarima ballari hisoblaydi

2026-yil 1-apreldan foto va videokameralar orqali qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 676-sonli qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan yo‘llardagi avtomatlashtirilgan foto va video tizimlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun haydovchilarga jarima ballari yozila boshlaydi.

Yangi tartib yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, transport bilan bog‘liq o‘lim holatlarini kamaytirish va qoidabuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.

Ballar transport vositasining mulkdori yoki undan foydalanuvchi haydovchilar o‘rtasida taqsimlanadi.

Agar haydovchi 12 oy davomida qoidani buzmasa, keyingi birinchi qoidabuzarlik uchun ball qo‘shilmaydi. Shuningdek, olti oy davomida yangi qoidabuzarlik sodir etilmasa, ikki ball olib tashlanadi.

Agar bir yil ichida jarima ballari 12 ballga yetgan bo‘lsa, ma’lumotlar sudga yuboriladi va sud qaroriga ko‘ra, haydovchi 6 oydan 3 yilgacha guvohnomasidan mahrum qilinishi mumkin.

Avtomobilni boshqarish uchun boshqa shaxsga bergan mulkdorlar onlayn kabinet orqali mashinani kimga topshirayotganini ko‘rsatishi, qabul qiluvchi esa tasdiqlashi kerak. Agar qabul qiluvchi tasdiqlamasa, ballar mulkdorga yoziladi. Agar mulkdorda guvohnoma bo‘lmasa va jarima ballari 12 dan oshsa, transport vositasi vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtiriladi.

 

Samarqand 2 haftaga UNESCO poytaxti

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Bosh konferensiyasi ko‘plab davlatlar vakillarini bir joyga jamladi. 30 oktyabr kuni tadbirda 200 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlardan yuqori darajadagi delegatsiyalar, jumladan, Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini, UNESCO Bosh direktori Odri Azule va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida nutq so‘zladi va beshta yangi tashabbusni ilgari surdi.

Birinchi tashabbus — inklyuziv ta’lim va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlandi.

Ikkinchi tashabbus — nomoddiy madaniy merosni saqlashni kuchaytirishga qaratilgan.

Uchinchi tashabbus — xotin-qizlarning yetakchilik salohiyatini rivojlantirishni nazarda tutadi.

To‘rtinchi tashabbus — iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va ekologik mas’uliyatni oshirishga bag‘ishlandi.

Beshinchi tashabbus — axborot xavfsizligi va media savodxonlikni oshirishga qaratilgan.

Ushbu muhim sessiya doirasida ta’lim, fan, madaniyat, ekologiya, texnologiya va kommunikatsiya sohalaridagi asosiy masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan 150 dan ortiq turli shakldagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maoshlar oshmoqda

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6 million so‘mdan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 19,2 foizga ko‘tarildi. Bu — iqtisodiy faollik ortib, daromadlar o‘sayotganidan dalolat beradi. Biroq raqamlar hududlar va sohalar kesimida hali ham sezilarli tafovutlarni ko‘rsatmoqda.

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich esa Toshkent shahrida — 10 mln 379 ming so‘m, eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida — 4 mln 270 ming so‘mligi aniqlandi.

Iqtisodiy faoliyat turlari orasida eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit sohasida — 16 mln 828 ming so‘mni tashkil etdi.

Ta’lim sohasida esa o‘rtacha ish haqi 4 mln 188 ming so‘m, shundan:

 • oliy ta’limda — 9 mln 513 ming so‘m,

 • texnik ta’limda — 4 mln 259 ming so‘m,

 • umumiy o‘rta ta’limda — 4 mln 136 ming so‘m,

 • maktabgacha ta’limda — 2 mln 771 ming so‘mni tashkil etgan.

 

 «Dekret» puli davlat tomonidan to‘lanadi

 

2026 yildan boshlab xususiy kompaniyalarda ishlaydigan ayollar ham homiladorlik nafaqasini davlatdan oladi.

 

Bu Prezident raisligida 29 oktyabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Taqdimotda xususiy sektorda faoliyat yurituvchi ishchilar, ayniqsa ayollar uchun ijtimoiy nafaqalarning to‘lanmasligi bo‘yicha mavjud muammolarga alohida e’tibor qaratildi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yildan homiladorlik va tug‘ish nafaqalari Ijtimoiy himoya jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi. Shuningdek, 2026 yil ikkinchi yarmidan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (kasallik varaqasi) bo‘yicha nafaqalar ham jamg‘arma hisobidan to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi.

 

Yangi tizim Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga mos holda ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — ayollar va ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, rasmiy ish joylarini ko‘paytirish hamda sug‘urta tizimining shaffofligini ta’minlashdan iborat.

 

Hozirgacha homiladorlik va tug‘ish nafaqalari faqat davlat tashkilotlarida ishlaydiganlarga to‘lab kelingan. 2010 yilda mazkur to‘lovlar davlat byudjeti xarajatlarini qisqartirish maqsadida ish beruvchilar zimmasiga yuklangan edi. Bu amaliyot xususiy kompaniyalar uchun ortiqcha moliyaviy yuk bo‘lib, ko‘plab ayollarni norasmiy mehnat munosabatlariga majbur qilgan.

 

 

Urgutda o‘qituvchi ayovsiz kaltaklandi

Samarqanddagi voqea — mast fuqaro tomonidan o‘qituvchiga qilingan zo‘ravonlik nafaqat shaxsga, balki butun ta’lim tizimiga tahdid hisoblanadi. Pedagoglarning xavfsizligini ta’minlash va bunday holatlarning oldini olish hukumat va jamiyatning ustuvor vazifasi bo‘lishi lozim.

Vaqt.uz tahririyatiga Samarqand viloyatida spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan fuqaro maktab o‘qituvchisini kaltaklagani haqida xabarlar kelib tushdi. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 27-oktyabr kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida joylashgan 112-umumta’lim maktabida faoliyat yurituvchi o‘qituvchiga mast holatda bo‘lgan fuqaro hujum qilgan va  maktab rahbariyati holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limiga xabar bergan.

Shundan so‘ng, o‘qituvchi tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

“Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘qituvchining ahvolidan xabar olish maqsadida tibbiyot birlashmasiga borgan. Ayni paytda o‘qituvchining umumiy ahvoli yaxshi”, deyiladi xabarda.

Holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli surishtiruv ishlari boshlangan. Kelishmovchilik sababi haqida ma’lumot berilmagan.

 

Qaynonasi va erini o‘ldirgan ayolga hukm o‘qildi

Bu hafta qaynonasi go‘shtidan matni tayyorlagan kelin haqidagi mish-mishlar butun tarmoqni portlatdi. Ammo tergov ishi davomida bu shov-shuvlar assosiz ekani aniqlandi.

Toshkent viloyatida qaynonasi va erini o‘ldirgan ayolga sud hukmi o‘qildi. «Milliy» telekanali xabariga ko‘ra, jinoyat sodir etilgach, u qo‘shnilariga eri va qaynonasi Rossiyaga ketganini aytgan va o‘zi ham shu davlatga jo‘nab ketgan.

Biroq qurbonlardan birining singlisi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganidan so‘ng, tergov davomida ularning pasportlari ayol yashagan uyda topilgan. Uyda tarqalgan badbo‘y hid sababli kinologlar yordamida tomorqa tekshirilgan va u yerdan yo‘qolgan shaxslarning jasadlari topilgan.

Aniqlanishicha, kelin va qaynonasi o‘rtasida janjal kelib chiqqan, natijada ayol qaynonasini o‘ldirib, hovliga ko‘mgan. Keyin bu holni bilib qolgan erini ham ketmon bilan urib o‘ldirgan.

Qo‘shnilarga sezilmaslik uchun u tayyorlagan mantilarni tarqatgan, shu bois “qaynonasidan manti tayyorlagan” degan asossiz mish-mishlar tarqalgan.

Sud ayolni aybdor deb topib, unga 12 yil 3 oy qamoq jazosi tayinladi.

 

Yoqub Ahmedov olamdan o‘tdi

O‘zbek kinosi va madaniyati katta yo‘qotishga uchradi. Taniqli teatr, kino va dublyaj aktyori, muallim, O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov 30-oktyabr kuni, 87 yoshida olamdan o‘tdi.

Yoqub Ahmedov 1938-yil 3-yanvarda Namanganda tug‘ilgan. U bolaligidayoq san’atga bo‘lgan muhabbati bilan ajralib turgan. Bo‘lajak aktyor ijod yo‘lini Namangan viloyat musiqali drama va komediya teatri sahnasida boshlagan.

U 1958-yildan boshlab kinoda faoliyat yuritib, qariyb 40 ta filmda rol ijro etgan. Shuningdek, 400 dan ortiq filmni o‘zbek tiliga dublyaj qilib, tomoshabinlarga jahon kinosini ona tilida tomosha qilish imkonini yaratgan.

Sahna va ekrandagi faoliyati, teatr taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun u O‘zbekiston xalq artisti unvoni hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Teglar

Mavzuga oid

UNESCO poytaxtiga aylangan Samarqand, skuterlar uchun yangi A1 toifa — hafta dayjesti | Vaqt.uz