Uy-joy arzon yoki qimmat sotilsa, soliq qayta hisoblanadi
O‘zbekistonda soliq bazasini ko‘chmas mulk obyektlari bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlash tartibi belgilandi. Yangi tartibga ko‘ra, shartnomadagi narx bozor qiymatidan kamida 20 foiz past bo‘lsa, soliq organlari qo‘shimcha soliq hisoblaydi.
© vaqt.uzO‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 18-may kuni ayrim tovarlar bo‘yicha soliq bazasini bozor qiymati asosida hisoblash tartibini tasdiqladi. Yangi tartib Soliq kodeksining 248-moddasiga asoslanib, tovar va xizmatlar bozor narxidan sezilarli darajada past yoki yuqori bahoda sotilganda soliq bazasini tuzatish imkonini beradi.
Qoidalar asosan ko‘chmas mulk obyektlari va yog‘och mahsulotlariga nisbatan qo‘llaniladi. Agar shartnomada ko‘rsatilgan narx o‘xshash obyektlarning o‘rtacha bozor qiymatidan 20 foizdan past bo‘lsa, soliqchilar qo‘shimcha hisob-kitob qiladi. Bunda taqqoslash uchun o‘xshash obyektlar bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalari, hudud, joylashuv va yetkazib berish shartlari inobatga olinadi.
Bozor qiymatini hisoblash uchun quyidagi manbalardan ma’lumot olinishi mumkin:
Notarial avtomatlashtirilgan tizim ma’lumotlari;
Bojxona qiymati bo‘yicha ma’lumotlar;
Birja kotirovkalari;
Davlat xaridlari va auksion platformalari;
Sotuvchilar preyskurantlari;
OAV va internet resurslari;
Banklarga garov sifatida taqdim etilgan mulklarni qayta baholash ma’lumotlari;
Baholovchi tashkilotlar xulosalari.
Agar ko‘chmas mulk Kadastr agentligi tomonidan bozor bahosidan o‘tgan bo‘lsa, soliq bazasini hisoblashda shu ma’lumot asos qilib olinadi.
Sotuv narxi bozor qiymatidan past chiqqan taqdirda, ikki summa o‘rtasidagi farq soliq bazasiga qo‘shiladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha hisoblangan soliqlar uchun moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi.
Yangi tartib transfert narxlashuvi doirasidagi bitimlar, davlat tomonidan qat’iy belgilangan narxlar, tabiiy monopoliyalar mahsulotlari va birja savdolari natijalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2027-yildan qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘yicha soliq avtomatik hisoblanadi va soliq hisoboti topshirish majburiyati bekor qilinadi.





