Uy va mashina savdosi: 1-apreldan naqd pulda to‘lov taqiqlanishi mumkin
2026 yil 1-apreldan ko‘chmas mulk va ayrim transport vositalari oldi-sotdisida hisob-kitob faqat bank orqali, notarius nazoratida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Adliya vazirligi va Markaziy bank jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan yangi nizom loyihaсига ko‘ra, 2026 yil 1-apreldan boshlab uy-joy hamda ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O, G toifadagi transport vositalarini sotishda to‘lov tartibi to‘liq o‘zgaradi.
Endi xaridor va sotuvchi o‘rtasida pul to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘ldan qo‘lga berilmaydi. Hisob-kitob bank va notarius axborot tizimlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvi orqali amalga oshiriladi.
Loyiha mualliflari bu mexanizm orqali naqd pul aylanmasini qisqartirish, shaffoflikni oshirish va qalbaki bitimlar xavfini kamaytirish maqsad qilinganini ta’kidlamoqda.
Yangi tartib qanday ishlaydi?
Avvalo, xaridor bankka murojaat qilib, bitim uchun maxsus eskrou hisobvaraq ochadi. Xaridor pulni aynan shu hisobvaraqqa joylashtiradi. Pul sotuvchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazilmaydi.
Keyin taraflar notariusga murojaat qiladi. Notarius o‘z axborot tizimi orqali bankdan eskrou hisobda mablag‘ mavjudligini elektron tarzda tekshiradi. Agar pul joylashtirilgan bo‘lsa va taraflarda e’tiroz bo‘lmasa, shartnoma tasdiqlanadi.
Shartnoma tasdiqlangani haqida notarius tizim orqali bankka xabar yuboradi. Faqat shundan keyingina bank eskrou hisobdagi pulni avtomatik ravishda sotuvchining hisob raqamiga o‘tkazadi. Agar shartnoma tasdiqlanmasa, mablag‘ xaridorga qaytariladi.
Nima o‘zgaradi?
Yangi mexanizm amalda naqd pul bilan yirik bitimlar tuzish amaliyotini tugatadi. Bu, bir tomondan, soliq va hisob-kitob intizomini kuchaytirishi mumkin. Ikkinchi tomondan, bozor ishtirokchilari uchun qo‘shimcha bank jarayonlari va rasmiylashtirish bosqichlarini talab qiladi.
Moliyaviy tahlilchilar fikricha, eskrou mexanizmi taraflar xavfini kamaytiradi, ayniqsa uy-joy bozorida. Biroq tizimning texnik tayyorgarligi va bank xizmatlari tezkorligi hal qiluvchi omil bo‘lib qoladi.
Agar loyiha tasdiqlansa, 2026 yildan ko‘chmas mulk va mashina savdosida «qo‘ldan-qo‘lga pul berish» usuli yakuniga yetishi mumkin.





