Logo

«Uzbekistan Airways» IPO'si 2027 yilga qoldirilishi mumkin

Bugun 10:253 daqiqa

«Uzbekistan Airways» va «O‘zbektelekom»ning xalqaro IPO'si 2027 yilga qoldirilishi mumkin. Avvalroq aviakompaniya aksiyalarini 2026 yil oxirigacha joylashtirish rejalashtirilgan edi.

«Uzbekistan Airways» IPO'si 2027 yilga qoldirilishi mumkin © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston hukumati «Uzbekistan Airways» va «O‘zbektelekom» aksiyalarini xalqaro fond bozorlarida joylashtirishni 2027-yilda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov mintaqaviy hamkorlik, xususiy investitsiyalar va ochiq savdoni rivojlantirishga bag‘ishlangan seminarda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, transport, aviatsiya va telekommunikatsiya sohalarida investitsiyalarni ko‘paytirish uchun mazkur tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan davlat kompaniyalarini chuqur transformatsiya qilish talab etiladi.

Shu munosabat bilan Jamshid Qo‘chqorov 2027 yilda «Uzbekistan Airways» va «O‘zbektelekom»ning IPO'sini o‘tkazish rejalashtirilayotganini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, 2028–2029 yillarga kelib o‘zaro bog‘liqlik sohalaridagi boshqa davlat kompaniyalari ham ommaviy aksiyalar joylashtirish jarayoniga chiqishi mumkin.

Islohotlar davom etadi

Bosh vazir o‘rinbosari davlat ishtirokidagi kompaniyalarni isloh qilmasdan turib transport, raqamli infratuzilma va aviatsiya sohalarida samarali rivojlanishga erishib bo‘lmasligini qayd etdi.

Uning fikricha, temiryo‘l sohasini rivojlantirish uchun temiryo‘l kompaniyalarini, raqamli xizmatlarni takomillashtirish uchun telekommunikatsiya operatorlarini, aviatsiyani rivojlantirish uchun esa aviakompaniyalarni transformatsiya qilish zarur.
Shu bois hukumat tartibga solinadigan strategik tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan davlat kompaniyalarini bosqichma-bosqich isloh qilish siyosatini davom ettirmoqda.

Avvalgi reja o‘zgarishi mumkin

Iyun oyi o‘rtalarida Prezidentga taqdim etilgan «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish va IPO'ga tayyorlash ishlarini jadallashtirishga oid taqdimotda milliy aviakompaniya aksiyalarining 15–20 foizini 2026 yil yakuniga qadar xalqaro IPO orqali joylashtirish rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi.

Taqdimotga ko‘ra, IPO'dan oldin «Uzbekistan Airways» faoliyatini mustaqil baholash, kompaniyaning investitsion jozibadorligini oshirish, maxsus havo kemalarini balansdan chiqarish va davlat buyurtmalari bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun kompensatsiya mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 25-fevralda qabul qilingan PQ–74-sonli qarorga muvofiq, 2026 yil yakuniga qadar «O‘zbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ ustav kapitalidagi 30 foizgacha aksiyalar xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif orqali sotilishi ma’lum qilingan edi. 29-aprel kuni esa O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 30 foiz ulushi uchun IPO boshlanganini e’lon qildi. Aksiyalarning ilk marta ommaviy chiqarilishi London Stock Exchang va Toshkentda ikki tomonlama, «dual listing» ko‘rinishida o‘tkazildi.

IPO doirasida oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlar (GDR) taklif etildi. Taklif qilingan barcha qimmatli qog‘ozlar jamg‘armaning yagona aksiyadori hisoblangan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga chiqarildi. Jami 1,56 trln dona aksiya taklif qilindi, bu jamg‘arma aksiyadorlik kapitalidagi 31 foiz ulushga to‘g‘ri keladi. Bitta global depozitar tilxat 64 700 ta aksiyaga teng qilib belgilandi. Toshkent fond birjasida qariyb 47,9 mlrd dona aksiya sotildi.

Jismoniy shaxslar uchun aksiya narxi 4,65 so‘m qilib belgilangan bo‘lib, 12 mlrd so‘mgacha buyurtma bergan investorlarga 5 foizlik chegirma qo‘llanildi. Natijada ular aksiyalarni 4,41 so‘mdan xarid qildi.

London Stock Exchang birjasida esa 1,5 trln donaga yaqin aksiya 23,4 mln dona global depozitar tilxat — GDR shaklida joylashtirildi. Har bir GDR narxi 25 dollar qilib belgilandi. Jalb qilingan mablag‘larning umumiy summasi qariyb 603,6 mln dollarni tashkil etdi. Barcha qimmatli qog‘ozlarni amaldagi aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi sotgani sababli, kompaniyaning o‘zi IPO mablag‘larini olmaydi.

Shuningdek, kelgusi 30 kun ichida qo‘shimcha joylashtirish opsioni doirasida yana 3,5 mln donagacha GDR sotilishi mumkin. Agar ushbu mexanizm to‘liq ishga tushirilsa, IPO doirasida sotilgan ulush 35 foizgacha, jalb qilingan mablag‘ hajmi esa 692 mln dollargacha yetadi. Birlamchi joylashtirish narxidan kelib chiqib, Milliy investitsiya jamg‘armasining bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarga baholandi.

Teglar

Mavzuga oid