Logo

Xorijga sayohat qiluvchilar uchun yangi kafolat tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda

Bugun 16:432 daqiqa

Loyihada turoperatorlardan kamida 50 ming dollar miqdorida zaxira mablag‘ini shakllantirish hamda har bir sotilgan turpaket uchun kafolat yig‘imini joriy etish taklif qilinmoqda.

Xorijga sayohat qiluvchilar uchun yangi kafolat tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda xorijga sayohat qiluvchi fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan yangi kafolat tizimi joriy etilishi mumkin. Bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan «Xavfsiz turizm» jamg‘armasi tashkil etiladi. Chiqish turizmi bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar litsenziya olish uchun jamg‘armaga kamida 50 ming AQSH dollari ekvivalentida zaxira mablag‘ini joylashtirishi talab etiladi. Hozirgi talab 15 ming dollarni tashkil qiladi.

Mazkur zaxira mablag‘lari turistlarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash, favqulodda vaziyatlarda ularni vaqtincha joylashtirish, oziq-ovqat, transport, aloqa, evakuatsiya va repatriatsiya xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Turkod joriy etiladi

Loyihada har bir sotilgan turistik mahsulot uchun BHMning 0,15 baravari miqdorida, hozirgi hisob-kitobga ko‘ra 61,8 ming so‘mlik maqsadli kafolat yig‘imini joriy etish taklif qilingan. Ushbu mablag‘ turpaket narxi tarkibiga kiritiladi va turistdan alohida yig‘im sifatida undirilmaydi.

Shuningdek, har bir turpaket uchun noyob elektron identifikator — turkod shakllantiriladi. U kafolat yig‘imi to‘langanidan keyingina yaratiladi va turist, turoperator, turagent, safar yo‘nalishi, transport, joylashtirish, sug‘urta hamda favqulodda holatlarda bog‘lanish ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi.

Turkod xizmat ko‘rsatish shartnomasi, vaucher va boshqa elektron hujjatlarning ajralmas qismiga aylanadi.

Yangi talablar kuchayadi


Hujjatga muvofiq, xorijiy turoperatorlar O‘zbekiston fuqarolariga turpaketlarni faqat mahalliy litsenziyaga ega turoperator bilan hamkorlikda yoki O‘zbekistonda litsenziya olgan yuridik shaxsi orqali sotishi mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, turagentlarga xorijiy turoperator mahsulotlarini mahalliy turoperator ishtirokisiz ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar yoki onlayn platformalar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish taqiqlanadi.

Loyihada turistlar chet elda qolib ketgan, qaytish reysi bekor qilingan, mehmonxona yoki transfer to‘lanmagan, turoperator bankrot bo‘lgan kabi holatlarda evakuatsiya va O‘zbekistonga qaytarish xarajatlarini qoplash mexanizmi ham nazarda tutilgan.

Hujjat qabul qilinsa, rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid