15 yillik stajga ega shifokorlarga uy sotib olish uchun subsidiya beriladi
Yangi tartibga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida uzoq yillar faoliyat yuritgan xodimlarning ipoteka asosida uy-joy xarid qilishida dastlabki badalning bir qismi qoplab beriladi.
© totdom.comO‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalarida uzoq yillardan beri ishlayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka uyining boshlang‘ich to‘lovi uchun subsidiya ajratish tartibi tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 4-iyuldan kuchga kirgan qarori bilan “Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangandi.
Unga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ishlagan xodimlarga ipoteka asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badali uchun subsidiya ajratiladi. Avvalroq prezident qarori bilan bunday xodimlar uchun uy-joy boshlang‘ich to‘lovining 25 foiz qismini qoplab berish belgilangan edi.
Subsidiya olish uchun fuqaro Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qilishi mumkin. Arizani ko‘rib chiqishda talabgorning hozirda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgani hamda kamida 15 yillik ish stajiga ega ekani tekshiriladi.
Subsidiya bir oilaga (er yoki xotindan biriga) faqat bir marta ajratiladi. Talabgor yashash joyidan qat’i nazar, dastur doirasida istalgan hududdagi birlamchi bozordan uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olishi mumkin.
Subsidiya ajratish quyidagi holatlarda rad etiladi:
● arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar belgilangan mezonlarga mos kelmasa;
● noto‘g‘ri yoki soxta ma’lumotlar taqdim etilsa;
● ariza beruvchi yoki uning turmush o‘rtog‘i avval boshqa uy-joy subsidiyasidan foydalangan bo‘lsa;
● davlat dasturlari doirasida ipoteka kreditidan foydalangani aniqlansa (2024 yil 1-maygacha olingan kreditlar bundan mustasno).
Subsidiya oluvchilar reyestrga kiritilgan talabgorlar orasidan tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanadi. Har chorakda belgilangan kvota doirasida 125 nafar g‘olib maxsus onlayn tanlov orqali tanlab olinadi.
Tanlov jarayoni shaffofligini ta’minlash maqsadida u Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida jonli efirga uzatiladi va yozuvlari saqlanadi.
G‘oliblar natijani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali ko‘rishi mumkin. Shuningdek, ularga subsidiya ajratilgani haqida elektron xabarnoma va SMS yuboriladi.
Subsidiya xabarnomasini olgan fuqaro uy-joy sotib olish uchun qurilish tashkiloti bilan dastlabki shartnoma tuzishi mumkin.
Vaqt.uz avvalroq 1-iyuldan O‘zbekistonda «Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi orqali davlat subsidiyasini omonatga qo‘yib, qo‘shimcha daromad olish mumkinligi haqida xabar bergandi.
Omonat miqdori qayta moliyalashtiriladigan ipoteka krediti uchun talab etiladigan dastlabki badalning fuqaro hissasidan kam bo‘lmasligi kerak. Masalan, agar uy narxining 20 foiz miqdorida dastlabki badal to‘lashingiz kerak bo‘lsa va subsidiya bu badalning bir qismini qoplasa, qolgan qismini o‘z hisobingizdan omonatga qo‘yishingiz shart. Ushbu summa bank tomonidan tasdiqlangan eng ko‘p kredit miqdori (ipoteka dasturi doirasida ruxsat berilgan limit) asosida hisoblanadi.





