Logo

Adabiyotshunos Ibrohim G‘ofurov vafot etdi

Бугун 17:442 дақиқа

Taniqli adabiyotshunos, yozuvchi, munaqqid va tarjimon Ibrohim G‘ofurov 88 yoshida vafot etdi. U 2021-yilda «O‘zbekiston Qahramoni» yuksak unvoniga sazovor bo‘lgandi.

Adabiyotshunos Ibrohim G‘ofurov vafot etdi

O‘zbekistonning taniqli ziyolilaridan biri, yozuvchi, tarjimon, tarjimashunos va adabiy tanqidchi Ibrohim G‘afurov 88 yoshida vafot etdi.

Ibrohim G‘ofurov 1937 yil 27-dekabr kuni Toshkent shahrida hunarmand oilasida tug‘ilgan. Maktabni tamomlagach, 1956–1961 yillarda hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini nashriyot sohasida boshlagan adib 1961–1982 yillar davomida Davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrir, tahririyat mudiri va bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Keyinchalik 1982–1995 yillarda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Ibrohim G‘ofurov mumtoz adabiyot, folklor, adabiy tanqid va badiiy tarjima sohalarida samarali ijod qildi. U «Go‘zallikning olmos qirralari», «Joziba», «Yonar so‘z», «Yurak-alanga», «Dil erkinligi» kabi asarlari bilan kitobxonlar e’tiborini qozondi.

Adibning ijodida tarjimachilik alohida o‘rin tutadi. U Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo», «Telba», «Qimorboz», «Aka-uka Karamazovlar» va «Iblislar», Ernest Xemingueyning «Alvido, qurol» va «Chol va dengiz», Chingiz Aytmatovning «Qiyomat» asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

Ibrohim G‘ofurov filologiya fanlari nomzodi bo‘lib, «Do‘stlik» ordeni sohibi edi. Adibning mamlakat madaniyati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan xizmatlari 2021 yilda eng yuqori davlat mukofotlaridan biri — «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan munosib taqdirlangan.

VAQT.UZ tahririyati marhumning oila a’zolari, yaqinlari hamda barcha adabiyot ahliga chuqur hamdardlik bildiradi.

Теглар

Мавзуга оид