Logo

Andijon aeroportining yangi terminali qurilishi yil oxirigacha bitadi

Бугун 21:392 дақиқа

Qurilish ishlari 40 foizga yetgan. To‘liq bitgach, aeroportning yo‘lovchi qabul qilish quvvati soatiga 200 nafardan 1000 nafargacha oshadi. Vaqt.uz muxbiriga ko‘ra, uning qiymati hozircha 335 mlrd so‘m, ammo yakuniy xarajat bundan yuqori bo‘lishi mumkin.

Andijon aeroportining yangi terminali qurilishi yil oxirigacha bitadi

Andijon xalqaro aeroportida 2026-yilning fevralida qurilishi boshlangan yangi yo‘lovchi terminalini yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, uning qiymati 335 milliard so‘m. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.

Amaldagi terminal 1979-yilda qurilgan bo‘lib, uning maydoni 2 402,4 kvadrat metr. Eski bino soatiga 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. Yangi terminal esa 19 ming 650 kvadrat metr maydonga ega bo‘ladi va soatiga 1000 yo‘lovchigacha xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Ya’ni yangi bino maydon jihatidan qariyb 8 baravar, o‘tkazuvchanlik bo‘yicha esa 5 baravar katta bo‘ladi.

2026-yilning birinchi yarmida aeroport 91 ming 882 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Yangi terminal ishga tushgach, aeroportning yillik yo‘lovchi o‘tkazish imkoniyati 1,1 million nafargacha yetishi kutilmoqda. Shuningdek, yangi terminal bitgandan so‘ng, xalqaro standartlarga to‘liq mos keluvchi, yo‘lovchilarga maksimal qulaylik taqdim qiladigan zamonaviy ko‘rinishga keladi.

Loyihani kim qurmoqda?

aeraport

Loyiha Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi qarori asosida amalga oshirilmoqda. Yangi terminal qurilishi uchun «Uzbekistan Airports» tomonidan xususiy investor jalb qilinmagan. Qurilish-montaj ishlari bo‘yicha tender 2026-yil 5-fevralda yopiq tarzda o‘tkazilgan va unda 10 ga yaqin yirik kompaniyalar ishtirok etgan. Tender yakunlariga ko‘ra, «MARIN BUSINESS TRADE» MCHJ bosh pudratchi etib tanlangan. Loyihaning bosh loyiha tashkiloti esa «PRIME TOWER GROUP» MCHJ bo‘lgan.

Aeroport direktori Sohibjon Kenjayevning Vaqt.uz muxbiriga aytishicha, 335 milliard so‘m hozircha loyihaning taxminiy qiymati bo‘lib, qurilish va loyiha ishlari parallel olib borilayotgani, shuningdek, ayrim texnologiya va uskunalar xorijdan olib kelinayotgani sababli yakuniy xarajat bundan yuqori bo‘lishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид