Andijonda 35 mlrd so‘mlik keshbekni talon-taroj qilganlar ushlandi
Andijon viloyatida bir guruh shaxslar soxta hisob-fakturalar va xarid cheklari orqali «Soliq Mobile» tizimidan 35,1 mlrd so‘m budjet mablag‘ini noqonuniy o‘zlashtirganligi ma’lum bo‘ldi.
© Soliq.uz ilovasiAndijon viloyatida «Soliq Mobile» ilovasi orqali amalga oshirilgan yirik moliyaviy firibgarlik holati aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida bir guruh shaxslar davlat budjeti mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish sxemasini tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.
Tergov materiallariga ko‘ra, 6 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, uch nafar shaxs nomiga jami 9 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etgan. Ushbu korxonalar o‘rtasida haqiqiy moliyaviy munosabatlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, komputer texnologiyalari orqali 2026 yil mart-aprel oylarida 1,1 trln so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, gumonlanuvchilar onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali go‘yoki savdo operatsiyalari amalga oshirilganini ko‘rsatib, xarid cheklari shakllantirgan. Natijada 100 mingdan ortiq fuqaro nomiga «Soliq Mobile» ilovasi orqali keshbek mablag‘lari hisoblangan.
Soliq nazorati savol ostida
Tekshiruv davomida mazkur sxemaga aloqador korxonalar tomonidan rasmiylashtirilgan 1,1 trln so‘mlik hisobvaraq-fakturalarga qaramay, ayrim mas’ul shaxslar zarur choralarni ko‘rmagani ham ma’lum bo‘lgan.
Xususan, Andijon viloyati soliq boshqarmasining ayrim mansabdor shaxslari korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish bo‘yicha chora ko‘rmagani va shubhali operatsiyalar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermaganlikda gumon qilinmoqda.
Jinoyat ishi
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu sxema orqali davlat budjetiga 35,1 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Mablag‘lar o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani qayd etilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlarini davom ettirish uchun materiallar prokuratura organlariga yuborilgan.





