Logo

Andijonda 38,3 mlrd so‘m keshbek sifatida talon-toroj qilinganligi aniqlandi

Бугун 10:402 дақиқа

Ma’lum bo‘lishicha, bir nechta fuqaro soxta savdo hujjatlarini rasmiylashtirib, budjet pullarni noqonuniy o‘zlashtirgan.

Andijonda 38,3 mlrd so‘m keshbek sifatida talon-toroj qilinganligi aniqlandi © istemolchi-info.uz

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyatida 38,3 mlrd so‘m budjet mablag‘lari keshbek sifatida talon-toroj qilinganini aniqladi.

Tergovga qadar tekshiruvlarga ko‘ra, fuqaro Y.Q. va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, 5 ta MCHJ orqali soxta savdo amaliyotlarini rasmiylashtirgan. Ular boshqa korxonalardan 2,2 trln so‘mlik mahsulot yetkazib berilgandek qilib elektron hisob-fakturalar shakllantirgan.

Shundan so‘ng ushbu mablag‘lar go‘yoki nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilingan va mahsulotlar fuqarolarga sotilgandek ko‘rsatilgan. Natijada 94 921 nafar fuqaro hamda ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga «Soliq Mobile» ilovasi orqali keshbek to‘lovlari amalga oshirilib, 38,3 mlrd so‘m o‘zlashtirilgan.

Soxta savdo sxemasi

Departament ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Huquq-tartibot idoralari soxta hujjatlar orqali budjet mablag‘larini chiqarib olish sxemasida ishtirok etgan boshqa shaxslar ham o‘rganilayotganini bildirmoqda.

Avvalroq boshqa hududlarda ham shunga o‘xshash holatlar aniqlangan. Iyun oyida Farg‘ona viloyatida «Soliq Mobile» orqali 3,2 mlrd so‘m keshbek mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilgani ma’lum qilingan edi.

Farg‘onadagi tekshiruvlar davomida 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS hosil qilishga urinish holati ham fosh etilgan.

Shuningdek, 3-iyul kuni Navoiy viloyatida 34,8 mlrd so‘mlik keshbek mablag‘lari o‘zlashtirilgani xabar qilindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bu 4,5 trln so‘mlik mahsulotlar aslida sotilmagan bo‘lsa-da, savdo amalga oshirilgandek ko‘rsatish orqali qilingan.

Теглар

Мавзуга оид