Logo

AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonda moliyaviy shaffoflik yetarli emasligini qayd etdi

Markaziy Osiyodan Qozog‘iston va Qirg‘iziston minimal talablarni bajardi. Tojikiston va Turkmaniston esa, O‘zbekiston singari, minimal talablarga javob bermadi.

AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonda moliyaviy shaffoflik yetarli emasligini qayd etdi © Sputnik

AQSH Davlat departamenti fiskal shaffoflik bo‘yicha jami 139 ta hukumat va Falastin ma’muriyatini baholadi. Ulardan 73 tasi minimal talablarga javob bergan, 67 tasi, jumladan O‘zbekiston ham talablarga javob bermagan. Bu haqda «Fiscal Transparency Report 2026» (Fiskal shaffoflik hisoboti)da so‘z boradi.

Talablarga javob bermaganlar orasida 14 ta davlat, AQSH idorasi bahosiga ko‘ra, talablarni bajarish bo‘yicha sezilarli taraqqiyotga erishgan. Baholash jarayonida Davlat departamenti asosiy budjet hujjatlarining jamoatchilik uchun qanchalik ochiq ekani, ularning to‘liqligi va ishonchliligi, shuningdek, davlat shartnomalarini tuzish, litsenziyalar berish va davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonlari qanchalik shaffof ekaniga e’tibor qaratadi.

Minimal talablar, xususan, budjet hujjatlarini ochiq e’lon qilishni nazarda tutadi. Ularda vazirliklar kesimida daromadlar va xarajatlar, shuningdek, shartnomalar tuzish va tabiiy resurslarni qazib olish uchun litsenziya berish mezonlari hamda tartiblari ko‘rsatilishi kerak. 2026-yilda talablar yanada kuchaytirildi: hokimiyat organlari xorijiy qarz oluvchilarga berilgan suveren kreditlarning shartlarini ham oshkor qilishi kerak.

Davlat departamenti O‘zbekiston bo‘yicha nimalarni qayd etdi?

AQSH Davlat departamenti O‘zbekiston hukumati budjet loyihasi va tasdiqlangan budjetni, shuningdek, uning ijrosi bo‘yicha yakuniy hisobotni o‘z vaqtida e’lon qilganini keltirgan. Ushbu hujjatlarda rejalashtirilgan davlat daromadlari va xarajatlari umumiy tarzda aks ettirilgan. Muhim budjetdan tashqari hisob raqamlari haqidagi ma’lumotlar ham ochiqlangan.

Mamlakatning oliy moliyaviy nazorat organi ham ijobiy baholangan. Davlat departamenti fikriga ko‘ra, ushbu organ mustaqillik bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beradi. U tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar yillik budjet ijrosini qamrab oladi hamda aniq xulosa va tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga, ochiq manbalarda davlatning qarz majburiyatlari, jumladan, yirik davlat korxonalarining qarzlari haqida to‘liq ma’lumot mavjud emas edi. Xorijiy qarz oluvchilarga berilgan suveren kreditlarning shartlari, tabiiy resurslardan olinadigan daromadlar haqidagi batafsil ma’lumotlar va davlat xaridlari sohasidagi shartnomalar ham e’lon qilinmagan.

Davlat departamenti budjet hujjatlariga yirik davlat korxonalarining daromadlari va moliyalashtirilishi haqidagi ma’lumotlarni kiritish, davlatning qarz majburiyatlari va suveren kreditlar shartlarini to‘liq ochiqlash, shuningdek, davlat xaridlari bo‘yicha shartnomalarni e’lon qilishni tavsiya qildi.

Markaziy Osiyodan Qozog‘iston va Qirg‘iziston minimal talablarni bajargan mamlakatlar qatoriga kirdi. Tojikiston va Turkmaniston esa, O‘zbekiston singari, minimal talablarga javob bermadi.

2025-yilgi hisobotda O‘zbekiston budjetdan tashqari hisobvaraqlarni oshkor qilgani uchun sezilarli yutuqqa erishgani qayd etilgan edi. 2026-yilda bu band bajarilgan bo‘lsa-da, mezonlarning qat’iylashtirilishi hamda qarzlar va xaridlar bo‘yicha kamchiliklar saqlanib qolayotgani mamlakatning talablarga javob beradigan guruhga o‘tishiga imkon bermadi.

Теглар

Мавзуга оид

AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonda moliyaviy shaffoflik yetarli emasligini qayd etdi | Vaqt.uz