Logo

Argentina 500 ming dollar evaziga fuqarolik berishni rejalashtirmoqda

Бугун 09:002 дақиқа

Hukumat xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida fuqarolikni investitsiya evaziga berish dasturini ishga tushirishni ko‘rib chiqmoqda. Tashabbus joriy yilning o‘zidayoq ishga tushishi mumkin.

Argentina 500 ming dollar evaziga fuqarolik berishni rejalashtirmoqda © Shutterstock

Argentina hukumati investitsiya evaziga fuqarolik berish tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, yangi mexanizm joriy yil davomida ishga tushirilishi mumkin. Dasturda ishtirok etmoqchi bo‘lganlarga ikki xil variant taklif etiladi: davlatga qaytarilmaydigan tarzda 500 ming dollar xayriya qilish yoki 1 million dollarlik nol kuponli davlat obligatsiyalarini sotib olish.

Loyihaning asosiy maqsadi mamlakatning tashqi qarz majburiyatlarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha valuta mablag‘larini jalb qilishdan iborat. Qayd etilishicha, Argentina 2020 yilda qarzlarini restrukturizatsiya qilganidan so‘ng xalqaro kapital bozorlariga qayta olmagan va hozirda moliyalashtirishning muqobil manbalarini izlamoqda. Mamlakat Iqtisodiyot vazirligi ushbu ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortgan.

Tashabbus qabul qilinsa, fuqarolik olgan shaxslar dunyoning qariyb 170 davlatiga vizasiz safar qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, dasturda ishtirok etish uchun mamlakatda doimiy yashash talabi joriy etilmasligi mumkin. Bu esa investorlarga qo‘shimcha soliq majburiyatlaridan qochish imkonini berishi aytilmoqda.

Loyiha ishlab chiqilishida ishtirok etayotgan maslahatchilarning ta’kidlashicha, dastur, asosan, siyosiy beqarorlik va geosiyosiy xavflar fonida muqobil fuqarolik izlayotgan AQSH va Yevropa davlatlarining badavlat fuqarolariga mo‘ljallangan.

Shu bilan birga, fuqarolikni investitsiya evaziga berish dasturlari korrupsiya xavfi va milliy xavfsizlikka tahdidlar sabab bir necha yildan buyon tanqid qilib kelinmoqda. Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada bunday dasturlar to‘liq bekor qilingan yoki keskin cheklangan.

Argentinaning o‘zida ham tashabbus huquqiy to‘siqlarga duch kelishi mmkin. O‘tgan yili migratsiya qoidalariga kiritilgan o‘zgartishlar sudda bahslarga sabab bo‘lgan edi. Yuristlar mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra migratsiya siyosatiga oid vakolatlar parlamentga tegishli ekanini ta’kidlab, bunday tashabbusning reputatsion xavflari iqtisodiy foydadan yuqori bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda.

Теглар

Мавзуга оид