Avgustda eskrou orqali 33 mingdan ortiq bitim tuzildi
Avgustda eskrou hisobvaraqlari orqali 33 392 ta bitim rasmiylashtirildi. Ularning qariyb yarmi transport vositalari oldi-sotdisiga to‘g‘ri keldi.
© Getty ImagеsAvgust oyida ko‘chmas mulk va transport vositalarini eskrou hisobvaraqlari orqali oldi-sotdi qilish bo‘yicha 33 392 ta bitim rasmiylashtirildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bitimlarning 15 585 tasi, ya’ni 53,3 foizi ko‘chmas mulkka to‘g‘ri kelgan. Transport vositalari bo‘yicha esa 17 807 ta bitim rasmiylashtirilib, ularning ulushi 46,7 foizni tashkil etgan. Shuningdek, yana 4 346 ta bitim hozirda ko‘rib chiqilmoqda.
Toshkentda faollik yuqori
Hududlar kesimida eng ko‘p bitim Toshkent shahrida qayd etildi. Avgust oyida poytaxtda eskrou hisobvaraqlari orqali 10 487 ta bitim rasmiylashtirilgan.
Bu ko‘rsatkich jami bitimlarning 31,4 foiziga teng. Demak, eskrou mexanizmi orqali amalga oshirilgan har uchinchi bitimdan biri Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Faollik bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 3 425 ta, Samarqand viloyati — 2 491 ta va Andijon viloyati — 2 395 ta bitim bilan qayd etilgan. Bu hududlarda ham yangi hisob-kitob mexanizmiga talab sezilarli ekanini ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, eskrou hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilishning yangi tartibi 2026 yil 1-apreldan amalga kiritilgan. Uning asosiy vazifasi xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi oldi-sotdi bitimini xavfsiz yakunlashdan iborat.





