Logo

«ChatGPT» bolalarga zarar yetkazishi mumkinmi? AQSHning bir nechta shtati «OpenAI»ni sudga berdi

Бугун 14:006 дақиқа

AQSHning sakkizta shtati «OpenAI» kompaniyasini «ChatGPT» xavfsizligi borasida iste’molchilarni chalg‘itishda hamda bolalarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xizmatlarni taqdim etishda ayblamoqda. Kompaniya esa o‘z navbatida himoya mexanizmlarini takomillashtirishda davom etishini ma’lum qilgan.

«ChatGPT» bolalarga zarar yetkazishi mumkinmi? AQSHning bir nechta shtati «OpenAI»ni sudga berdi

AQSHning sakkizta shtati sun’iy intellekt yo‘nalishida yetakchi bo‘lgan «OpenAI» kompaniyasiga qarshi sud ishlarini boshladi. Da’vo arizalarida qayd etilishicha, «ChatGPT» chat-boti ayrim foydalanuvchilarga hayot uchun xavfli tibbiy maslahatlar berishi, ularning noto‘g‘ri qarashlarini yanada kuchaytirishi, hatto o‘z joniga qasd qilish yoki atrofdagilarga zarar yetkazishga undashi mumkin.

Shtatlarning bosh prokurorlari kompaniyani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishda va «ChatGPT» xavfsizligi borasida jamoatchilikni aldashda ayblamoqda. Ular «OpenAI»dan mahsulotning ishlash tartibini tubdan o‘zgartirishni, xavfsizlik choralarini kuchaytirishni va yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar uchun moliyaviy tovon to‘lashni talab qilmoqda.

«Reuters» agentligining xabariga ko‘ra, mazkur jarayon AQSHda sun’iy intellekt kompaniyasiga qarshi shtatlar miqyosida olib borilayotgan eng yirik va o‘zaro muvofiqlashtirilgan huquqiy harakatlardan biridir.

Qaysi shtatlar «OpenAI»ni sudga berdi?

2026 yilning 14-oktabrida Ayova, Kanzas, Arizona, Arkanzas, Aydaxo, Montana, Nebraska va G‘arbiy Virjiniya shtatlari «OpenAI» ustidan sudga shikoyat qildi.

Ushbu shtatlarning bosh prokurorlari da’vo arizalarini o‘z hududlaridagi sudlarga mustaqil ravishda kiritgan. Ayrim arizalarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunlari buzilgani, boshqalarida esa yosh foydalanuvchilarni himoyalashga doir talablar chetlab o‘tilgani iddao qilingan.

Xususan, Ayova shtati bosh prokurori Brenna Byord kompaniyani iste’molchilarni firibgarlikdan himoya qilish qonunini buzganlikda aybladi. Uning arizasida «ChatGPT»ning xavfsizligi haqidagi balandparvoz bayonotlar bilan uning amaldagi ishlash jarayoni o‘rtasida katta tafovut borligi ta’kidlangan.

Arizona bosh prokurori Kris Meys esa kompaniyaning mahsulot dizayni va marketing siyosatini keskin tanqid qilgan. Da’voga ko‘ra, chat-bot foydalanuvchilarga doimo ma’qullovchi ohangda javob qaytarishga moyil, u insoniy hamdardlikni soxtalashtiradi va foydalanuvchilarni platformada iloji boricha ko‘proq vaqt o‘tkazishga undaydi.

Nebraska bosh prokurori Mayk Hilgers iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunlaridan tashqari, yoshlarga mo‘ljallangan onlayn xizmatlar dizayniga oid qoidalar ham buzilganini da’vo qilmoqda.

«ChatGPT» nimada ayblanmoqda?

Shtatlar tomonidan kiritilgan da’volarda bir nechta jiddiy masalalar ko‘tarilgan.

Birinchidan, chat-bot ba’zi holatlarda hayot uchun xavfli bo‘lgan tibbiy maslahatlar berishi mumkinligi aytilmoqda. Da’vogarlarning fikricha, foydalanuvchilar «ChatGPT» javoblariga to‘liq ishonib, buning ortidan noto‘g‘ri va zararli xulosalarga kelishi mumkin.

Ikkinchidan, chat-bot ayrim foydalanuvchilarning asossiz shubhalari yoki xato qarashlarini yanada kuchaytirishi, ruhiy jihatdan nozik holatdagi insonlar bilan muloqotda xatarli javoblar qaytarishi mumkinligi ta’kidlangan.

Uchinchidan, shtatlar «ChatGPT» ayrim suhbatlarda insonlarni o‘z joniga qasd qilishga, boshqalarga zarar yetkazishga yoki zo‘ravonlik harakatlarini rejalashtirishga undovchi javoblar berganini iddao qilmoqda. Ayrim arizalarda hatto ommaviy qurolli hujumlarni rejalashtirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan holatlar ham tilga olingan.

To‘rtinchidan, Arizona shtati da’vosida chat-bot ayrim voyaga yetmagan foydalanuvchilarni o‘z shaxsiy ma’lumotlarini ulashishga undashi, ba’zida esa bu ma’lumotlarni ota-onasi, yaqinlari yoki tegishli idoralardan sir saqlashga undovchi javoblar berishi mumkinligi qayd etilgan.

Shtatlar ushbu holatlarni «OpenAI» xavfsizlikka doir xatarlarni yetarlicha ochiqlamaganligi va iste’molchilarda mahsulot xavfsizligi borasida soxta tasavvur uyg‘otganligiga asos qilib ko‘rsatmoqda.

Nega chat-botning odamga o‘xshab muloqot qilishi bahs-munozara uyg‘otmoqda?

Da’vogarlar «OpenAI»ning mahsulot dizayni bilan bog‘liq yana bir nozik jihatga e’tibor qaratmoqda: «ChatGPT»  foydalanuvchiga o‘ta xushmuomala, hamdard va uning fikrlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydigan yaqin suhbatdoshdek ko‘rinadi.

Arizalarda bu xususiyat ayniqsa o‘smirlar va ruhiy jihatdan ta’sirchan insonlar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi ta’kidlangan. Da’vogarlarning fikricha, bunday iliq muloqot uslubi foydalanuvchilarning chat-botga ko‘r-ko‘rona ishonishiga va uning javoblarini tanqidiy tahlil qilmasligiga olib keladi.

Arizona bosh prokurori bayonotida kompaniya chat-botni ataylab foydalanuvchilarni platformada uzoqroq ushlab turishga mo‘ljallab ishlab chiqqan, degan ayblov ham bor.

Shtatlar «OpenAI»dan nimani talab qilmoqda?

Sud ishlaridagi talablar har bir shtatning ichki qonunchiligi va da’vosiga qarab turlicha. Umuman olganda, shtatlar kompaniyadan quyidagilarni talab qilmoqda:

·         «ChatGPT»ning xavfsizligi va foydalanuvchilarni himoya qilish tizimiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritish;

·         Iste’molchilarni mahsulotning imkoniyatlari va undagi xavf-xatarlar borasida chalg‘itmaslik;

·         Tegishli shtat qonunlari buzilgani o‘z isbotini topsa, fuqarolik-huquqiy jarimalar va boshqa turdagi moliyaviy jazolarni qo‘llash;

·         Da’volarda ko‘rsatilgan zararlar uchun munosib kompensatsiya to‘lash.

Ayrim arizalarda esa o‘zini o‘zi takomillashtira oladigan sun’iy intellekt modellarini ular insoniy qadriyatlarga to‘la mos kelmagunicha ishlab chiqishni cheklash talabi ham ilgari surilgan.

 «OpenAI» ayblovlarga qanday munosabat bildirdi?

«OpenAI» vakillarining ta’kidlashicha, «ChatGPT» da bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida maxsus himoya mexanizmlari joriy etilgan va modelni takomillashtirish ishlari doimiy ravishda davom ettirilmoqda.

«Associated Press» xabariga ko‘ra, kompaniya o‘z bayonotida «noto‘g‘ri yo‘nalishga kirib qolgan modellar» ustida doimiy tadqiqotlar olib borayotganini ma’lum qilgan.

«OpenAI» kompaniyasi ayrim AI modellarining xavfsizlik bilan bog‘liq xatti-harakatlarini o‘rganayotganini bildirgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, mustaqil tashqi ekspertlar ham uning siyosati va «ChatGPT»ning xulq-atvorini muntazam o‘rganib boradi. «OpenAI» shtatlar bilan hamkorlik qilishga va nafaqat bitta kompaniya, balki butun boshli AI sanoati uchun xizmat qiladigan yagona amaliy qoidalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirgan.

Shunga qaramay, «OpenAI» qo‘yilayotgan ayblovlarning barchasini ham tan olayotgani yo‘q. Kompaniya o‘zida mavjud himoya choralarini yetarli deb hisoblasa, shtatlar ularni talabga javob bermaydi demoqda.

O‘smirlar «ChatGPT»dan qanchalik ko‘p foydalanadi?

«OpenAI» bergan ma’lumotga ko‘ra, «ChatGPT»dan foydalanuvchi o‘smirlarning qariyb 90 foizi ushbu xizmatdan faqat ta’lim olish, ma’lumot izlash, yangi ko‘nikmalarni shakllantirish yoki o‘z unumdorligini oshirish maqsadida foydalanadi. Kompaniya o‘smirlar chat-botda o‘rtacha hisobda kuniga 15 daqiqadan kamroq vaqt sarflashini ham ma’lum qilgan.

«OpenAI» «ChatGPT»dan faqat 13 yoshdan boshlab foydalanish ruxsat etilganini, 18 yoshga to‘lmaganlar uchun esa ota-ona yoki vasiyning roziligi talab qilinishini eslatib o‘tdi. Qolaversa, kompaniya 2026 yilning avgust oyida o‘smirlar uchun yanada kuchaytirilgan himoya choralariga ega bo‘lgan alohida versiyani ham taqdim etgan.

Biroq bu raqamlar kompaniyaning ichki statistikasiga asoslangan. «Associated Press» xabarida «Common Sense Media» tashkilotining yoshlar bilan bog‘liq AI tadqiqotlari rahbari Lora Zimmerman ushbu statistikaning haqqoniyligiga shubha bildirgani qayd etilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, chat-bot foydalanuvchining haqiqiy yoshini har doim ham to‘g‘ri aniqlay olmaydi; tashkilot tomonidan o‘tkazilgan mustaqil sinovlarda ham bunday holatlar tez-tez kuzatilgan.

Bu «OpenAI»ga qarshi ochilgan ilk sud ishi emas

Bundan avval ham «OpenAI» va uning mahsuloti faoliyati bilan bog‘liq sud ishlari bo‘lgan.

«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, Florida shtati bosh prokurori ham 2026 yilning iyun oyida kompaniyaga qarshi xuddi shunday mazmundagi da’vo arizasini kiritgan. Unda ham «ChatGPT» ayrim foydalanuvchilarga zarar yetkazishi, xavfli maslahatlar berishi va bolalarni yetarli darajada himoya qilmasligiga doir ayblovlar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, ayrim fuqarolar tomonidan ham kompaniyaga qarshi xususiy sud da’volari ochilgan. Ularning orasida «ChatGPT» zo‘ravonlik harakatlarini rejalashtirishga yordam bergani yoki shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlashda tegishli rozilik olish talablarini buzgani haqidagi shikoyatlar ham bor.

Теглар

Мавзуга оид

«ChatGPT» bolalarga zarar yetkazishi mumkinmi? AQSHning bir nechta shtati «OpenAI»ni sudga berdi | Vaqt.uz