Debyut mundial: na zavq oldik, na natija
2026 yilgi Jahon chempionatida guruh bosqichi yakunlandi va endi turnirning haqiqiy qismi — shiddatli pley-off boshlanadi. Afsuski, turnirning keyingi bosqichi O‘zbekiston milliy jamoasisiz davom etadi.
© UFAKongo DR bilan o‘yin
Milliy jamoa so‘nggi turda Kongo DRga qarshi maydonga tushib, bahsni ajoyib tarzda boshladi va ehtimol mundialdagi eng yaxshi 15–20 daqiqalikni o‘tkazdi. Eldor Shomurodovning 1-daqiqadagi goli ofsayd sabab bekor qilindi, ammo jamoa sardori to‘xtamadi va 10-daqiqada maqsadiga erishdi. Akmal Mozgovoy va Abbos Fayzullayev qatnashgan hujum Turkiya chempionati to‘purarining parashyut goli bilan yakunlandi. Shundan keyin ham toki 23-daqiqadagi «salqinlanish vaqti»gacha O‘zbekiston birinchi raqamli jamoa sifatida asosiy vaqtni raqib maydonida o‘tkazdi. Birinchi bo‘limning ikkinchi qismida esa ustunlik Kongoga o‘ta boshladi, ammo «oq bo‘rilar» tengma-teng harakat qilishdi va tanaffusga g‘alaba bilan chiqib ketishdi.
Ikkinchi bo‘lim startidanoq esa O‘zbekiston to‘liqligicha himoyaga o‘tib oldi va raqib ketma-ket xavfli hujumlar uyushtira boshladi. Daqiqalar o‘tgani sari golning hidi kela boshladi. Chunki Osiyo vakili shunchaki himoyalandi va qarshi hujumlar tashkil qila olmadi. 68-daqiqaga kelib, kulminatsion voqea ro‘y berdi. Abduqodir Husanov ishlatgan qo‘pollik penaltiga olib keldi va undan jabrlanuvchi, «Nyukasl» hujumchisi Yoan Vissa unumli foydalandi. Durang Kongoni qoniqtirmasdi va afrikaliklar hujumkorlikni davom ettirib, zaxiradan tushgan o‘yinchilar hisobiga yanada kuchayishdi. 78-daqiqaga kelib, Husanovdan rikoshet bo‘lib kelgan to‘pni hujumchi Mayele Abduvohid Ne’matov darvozasiga kiritdi. Shundan so‘ng Kongo himoyaga mustahkam o‘rnashib, qarshi hujumlarda qanday o‘ynash bo‘yicha O‘zbekistonga master-klass ko‘rsatdi va qo‘shib berilgan daqiqalarda Vissa dublga erishib, o‘yinga nuqta qo‘ydi — 1:3.
Shu tariqa «oq bo‘rilar» debyut mundialni yiliga 4 million yevro maosh oladigan murabbiy bilan ochkosiz yakunlashdi. To‘plar nisbati — 2:11.
Himoyaviy sxema bilan 11 ta gol o‘tkazdik
Muxlis-u mutaxassislar Kolumbiyaga qarshi ikkinchi bo‘limdan va Kongo bilan dastlabki 20 daqiqalikdan qoniqdi. Qolgan vaqtda esa jamoa havaskorlardek o‘ynadi, shunchaki himoyadan to‘pni oldinga tepib yuborib, 3–4 himoyachi qurshovidagi Eldorni qiynash bilan vaqt o‘tkazildi.
Katanesning himoyaviy sxemasini davom ettirgan Kannavaro jamoasi qarshi hujumlarda hech qanday ishlanma ko‘rsata olmadi. Aksincha, Katanes davridagi to‘g‘ri himoyalanish, ruhiyat va xarakter ham yo‘qolib qoldi. Darvozabonlarni gapirishga-ku til ojiz: 17 ta aniq zarbaning faqat 6 tasi bartaraf etildi. Xullas, himoyani qoyillatmadik va 3 o‘yinda 11 ta gol o‘tkazildi. Hujumkor o‘ynasak ham, shunaqa statistika qayd etilardi nari borsa. Unda har holda futbol o‘ynay olishimizni ko‘rsatgan bo‘lardik. Qaysidir o‘yinchilarimiz Yevropa klublari skautlari e’tiboriga tushgan bo‘larmidi. Hozir esa Behruz Karimovdan boshqa kashfiyotimiz bilan maqtana olmaymiz. Bu uslub bilan yigitlarning potensiali yuzaga chiqmadi, aksincha bo‘g‘ib qo‘yildi.
5-2-2-1 sxemasi Abduqodir Husanovni antiqahramonga aylantirib qo‘yganini ham ta’kidlash kerak. Butun mavsum davomida dominant futbol ko‘rsatadigan jamoada o‘ynagan himoyachimiz milliy jamoadagi sxemada o‘zining asosiy fishkalaridan foydalana olmadi. Husanovning asosiy ustunligi — jamoasi yuqorida o‘ynaganida, raqibning qarshi hujumlarini o‘zining yuqori tezligi evaziga yo‘qqa chiqarish hisoblanadi. Ya’ni shunchaki ortda kutib, chiziqni ushlagan holda himoyalanish uning ustunligi emas. Shu sabab Abduqodir turnirda o‘z darajasini ko‘rsata olmadi. «Manchester Siti»ning erkatoy futbolchisiga u uchun noqulay sxemada katta mas’uliyat yuklab qo‘yildi.
Revansh
Kongoga qarshi bahsda O‘zbekiston milliy jamoasiga Osiyoning ikki jamoasi — Eron va Janubiy Koreya muxlislik qildi. Biz esa yutqazish orqali JCH-2014 va JCH-2018 saralashidagi xoinliklariga «javob» berdik.
Yodingizda bo‘lsa, 2014 yilgi mundial saralashi so‘nggi turida O‘zbekiston Qatarni 5:1 hisobida yutgan va deyarli mundialga chiqqandi. Ammo parallel o‘yinda kutilmaganda Janubiy Koreya o‘z uyida Eronga yutqazib, forslar bilan o‘rtoq bo‘lib Braziliyadagi Jahon chempionatiga yo‘l olgandi. Mirjalol Qosimov jamoasi va «Bunyodkor» stadioniga yo‘llanmani nishonlash istagida kelgan 35 ming muxlis «muzlab qolgandi». Bayram nishonlash uchun olib kelingan salyutlar otilmay qolib ketgandi.
2018 yilgi mundial saralashida esa Eron Suriyaga do‘stlik ko‘rsatgandi. Hech yo‘q pley-offga ilindik deb turgan joyimizda, saralash davomida to‘p o‘tkazmagan forslar o‘z uyida Suriya bilan 2:2 hisobini qayd etgandi. Anzur Ismoilov ta’biri bilan aytganda: «Vay, yomon bo‘pti-da» bo‘lgandi.
Mana endi Kongoga qarshi 70 daqiqa davomida O‘zbekistonning hisobda oldinda borganidan quvongan Eron va Koreya so‘nggi daqiqalarda muzlash qanday bo‘lishini his qildi. Mag‘lubiyatimiz ularni eng yaxshi 3-o‘rin egalari ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Kongo va Jazoir ularning o‘rniga ko‘tarilib, pley-offga yo‘l oldi.
Kannavaro bilan Osiyo kubogini yuta olamizmi?
Ha, Jahon chempionatida guruhdan chiqolmaslik debyutant uchun fojia emas. Kannavaro avval boshidanoq mundialda natija kutmaslikni aytib, ruhan tayyorlagandi. Natijani tushunamiz, lekin futboldan zavq ololmaganimiz, murabbiy chizgilari ko‘rinmagani barchaning dilini xira qildi. Chiroyli o‘ynab yutqazganimizda, natijalarga hech kim e’tiroz bildirmasdi. Ammo bizni Kolumbiya yarim kuch bilan, Portugaliya 20 daqiqa, Kongo esa bir bo‘lim futbol o‘ynab yutib qo‘ydi. Fabio va’da qilgan «jang»ni ko‘rmadik hisob. Himoyaviy futbolni qoyillatmaganimiz yetmaganidek, Katanes davridagi ruhiyatni ham yo‘qotgandekmiz.
Endi nima bo‘ladi? Kannavaro unga Osiyo kubogini yutish maqsadi qo‘yilganini aytgandi. Ammo o‘yinimiz Jahon chempionatidagi boshqa qit’adoshlarimiz bilan taqqoslasa, juda g‘arib ko‘rindi. Hatto qit’a chempionatidagi bo‘lajak raqibimiz Iordaniya 3 ta o‘yinda, yutqazgan bo‘lsa-da, juda yaxshi ko‘rindi, futbol o‘ynadi. Eron qariya tarkibi bilan ham jang qilib, turnirni yutqazmasdan tark etdi. Yaponiya va Avstraliya pley-offga yo‘l oldi — yaponlardan keyingi bosqichda Braziliya xavfsirab turibdi. Avlodlar almashinuvini o‘tkazayotgan Janubiy Koreya ham o‘yin tomonlama yomon emas. Saudiya Arabistoni Urugvay bilan durang qayd etdi. Faqat Iroq biz kabi holatga tushdi, barcha o‘yinlarni katta hisoblarda yutqazdi.
Xo‘sh, Osiyo grandlariga qarasak, qit’a kubogini yutish ehtimolimiz qanchalik? Ijodkor o‘yinchilarga o‘rin bo‘lmagan himoyaviy sxemada o‘ynab, ammo to‘g‘ri himoyalanishni bilmaydigan jamoadan g‘oliblik kuta olamizmi? Bunga imkonimiz yetadi deb ishonayotgandik, ammo endi mundialdan so‘ng shubhalar ko‘paydi. Savollar talaygina. Kannavaro va uni tayinlagan O‘FA endi bosim ostida qolishi tabiiy. Reaksiya qanday bo‘ladi, ko‘ramiz.
Теглар






