Endi 1 kunda faqat 1 ta bankdan onlayn kredit olish mumkin
22-apreldan boshlab O‘zbekistonda onlayn kredit berish tartibiga yangi cheklov joriy etiladi.

22-apreldan boshlab fuqarolar bir kunda faqat bitta bank orqali onlayn kredit rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Markaziy bank Boshqaruvining 2026 yil 21-yanvarda Adliya vazirligidan 3759-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan yangi Nizomida keltirilgan.
Nizomga ko‘ra, onlayn kredit olish uchun ariza berilganda, kredit tashkiloti avvalo mijoz ma’lumotlarini kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri orqali tekshiradi.
Agar foydalanuvchi ma’lumotlari mazkur reyestrda aniqlanmasa, kredit berish jarayoni odatiy tartibda davom ettiriladi. Bu esa tizimning shaffofligi va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, bir JSHSHIR bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkilotlariga ariza yuborilsa, kredit byurosi faqat birinchi kelib tushgan so‘rovni ko‘rib chiqadi. Qolgan so‘rovlar e’tiborga olinmaydi.
Agar birinchi bo‘lib murojaat qilgan bank kredit rasmiylashtirilganini tasdiqlasa, kredit byurolari ushbu JSHSHIR bo‘yicha boshqa kredit tashkilotlariga 24 soat davomida yangi so‘rovlar qabul qilinmasligi haqida xabar beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu nizom bilan 22-apreldan mobil ilovalar yoki bank kartalariga biriktirilgan telefon raqami o‘zingizga tegishli bo‘lmasa, belgilangan muddatdan keyin ushbu raqam orqali ilovadan foydalanish imkoni cheklanishi haqida xabar bergan edik.





