Logo

Endi davlat subsidiyasini omonatga qo‘yib, qo‘shimcha daromad olish mumkin

1-iyuldan O‘zbekistonda «Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi ishga tushadi.

Endi davlat subsidiyasini omonatga qo‘yib, qo‘shimcha daromad olish mumkin © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026-yil 1-iyuldan O‘zbekistonda «Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi tajriba-sinov tariqasida joriy etildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tizim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son farmoni ijrosi doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan nizom asosida amalga oshirilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish haqida ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar ixtiyoriy ravishda tijorat bankida maxsus ipoteka omonatini shakllantiradi.

Omonat miqdori qayta moliyalashtiriladigan ipoteka krediti uchun talab etiladigan dastlabki badalning fuqaro hissasidan kam bo‘lmasligi kerak. Masalan, agar uy narxining 20 foiz miqdorida dastlabki badal to‘lashingiz kerak bo‘lsa va subsidiya bu badalning bir qismini qoplasa, qolgan qismini o‘z hisobingizdan omonatga qo‘yishingiz shart. Ushbu summa bank tomonidan tasdiqlangan eng ko‘p kredit miqdori (ipoteka dasturi doirasida ruxsat berilgan limit) asosida hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, bitta kvartiraga ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng ko‘p miqdori Toshkent shahrida 480 mln so‘mni, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 380 mln so‘mni tashkil etadi.

Shu bilan birga, ipoteka omonatini to‘liq shakllantirgan fuqarolar uchun davlat budjeti hisobidan ajratiladigan dastlabki badal subsidiyasi banklarning buyurtmasiga asosan oldindan o‘tkazib beriladi. Omonat muddati esa 12 oydan oshmaydi.

Omonatning afzalliklari

Ipoteka omonatida saqlanayotgan mablag‘larga bank tomonidan bozor stavkasi bo‘yicha foiz hisoblanadi. Jamg‘arilgan asosiy mablag‘ va unga hisoblangan foizlar keyinchalik ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalni shakllantirishga maqsadli yo‘naltiriladi. 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi banklarda milliy valutadagi (so‘m) jismoniy shaxslarning omonatlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 19,9 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, davlat tomonidan ipoteka krediti foizlarining bir qismini qoplash bo‘yicha amaldagi subsidiya mexanizmi ham saqlanib qoladi. Bunda kreditning dastlabki besh yili mobaynida Markaziy bank asosiy stavkasi darajasidan yuqori bo‘lgan foiz qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Tajriba davri

Yangi mexanizm fuqarolarga ipoteka uchun zarur mablag‘ni oldindan rejali tarzda jamg‘arish imkonini yaratadi. Bu esa uy-joy sotib olish jarayonida moliyaviy yuklamani bosqichma-bosqich shakllantirishga yordam beradi.

«Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrga qadar tajriba-sinov tartibida amal qiladi. Ushbu davr yakunlari asosida mexanizmni doimiy tartibda joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq uy-joy uchun subsidiya olish shartlari, u kimlarga va qay tarzda berilishi haqida ma’lumot bergan edik.

Теглар

Мавзуга оид