Eskrou tizimi orqali bir oyda 40 mingdan ortiq bitim o‘tkazildi

Бугун 20:001 дақиқа

O‘zbekistonda aprel oyidan joriy etilgan eskrou tizimi orqali bir oy ichida 40 mingdan ziyod ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdi bitimlari rasmiylashtirildi.

Eskrou tizimi orqali bir oyda 40 mingdan ortiq bitim o‘tkazildi © Getty Imagеs

2026 yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk hamda ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtomobillar oldi-sotdisida yangi hisob-kitob tartibi joriy etilgandi. Endi bunday bitimlar eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshirilmoqda.

Yangi mexanizmga ko‘ra, xaridor mablag‘ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvchiga o‘tkazmaydi. Bank bitimda vositachi sifatida ishtirok etadi va mablag‘ni maxsus hisobvaraqda saqlab turadi. Pul faqat bitim to‘liq yakunlanganidan keyin sotuvchiga o‘tkaziladi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 1-apreldan 7-maygacha bo‘lgan davrda eskrou tizimi orqali jami 40 767 ta bitim amalga oshirilgan. Shundan 23 804 tasi transport vositalari, 16 963 tasi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi — 11 679 ta bitim. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati 3940 ta va Samarqand viloyati 3614 ta bitim bilan joylashdi.

Shuningdek, Andijon viloyatida 3128 ta, Namangan viloyatida esa 2856 ta oldi-sotdi operatsiyasi eskrou tizimi orqali rasmiylashtirilgan.

Avvalroq mamlakat marketpleyslarida ham eskrou to‘lov tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.

Теглар

Мавзуга оид