Logo

«FIDE» mukofoti: Abdusattorov «Eng yaxshi shaxmatchi», Sindorov esa «Yil kashfiyoti» bo‘lishga da’vogar

Кеча 21:482 дақиқа

Xalqaro shaxmat federatsiyasining «FIDE Excellence Awards» mukofoti nomzodlari e’lon qilindi.

«FIDE» mukofoti: Abdusattorov «Eng yaxshi shaxmatchi», Sindorov esa «Yil kashfiyoti» bo‘lishga da’vogar

Xalqaro shaxmat federatsiyasi («FIDE») o‘zining tarixdagi ilk «FIDE Excellence Awards» mukofoti uchun nomzodlarning qisqa ro‘yxatini (short-list) e’lon qildi. Ushbu nufuzli mukofotga da’vogarlar qatoridan o‘zbekistonlik grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda shaxmat federatsiyasi joy oldi.

Eng yaxshi erkak shaxmatchi va yil kashfiyoti

«Eng yaxshi erkak shaxmatchi» nominatsiyasida g‘oliblik uchun birdaniga ikki nafar hamyurtimiz — Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov kurash olib boradi. Ushbu yo‘nalishda ularga jahon shaxmat tojining sobiq sohibi Magnus Karlsen, shuningdek, Fabiano Karuana, Arjun Erigaysi, Alireza Firuzja, Anish Giri, Gukesh Dommaraju, Vinsent Kaymer va Rameshbabu Pragnanandxa kabi dunyoning eng kuchli grossmeysterlari raqiblik qiladi.

Javohir Sindorov, shuningdek, «Yil kashfiyoti» (Ro‘kie of the Year) mukofotiga ham da’vogarlik qilmoqda. Bu nominatsiyada uning raqiblari Divya Deshmux, Yagiz Kaan Erdogmush, Faustino Oro, Gukesh Dommaraju, Anastasiya Gnatishin, Vinsent Kaymer, Volodar Murzin, Endi Vudvord va Chju Sziner bo‘ldi.

Federatsiya, terma jamoa va mahalliy turnir e’tirofi

O‘zbekiston erkaklar milliy terma jamoasi «Eng yaxshi jamoa» toifasida nomzodlar qatoriga kiritildi. Bu yo‘nalishda hamyurtlarimiz Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston va AQSH kabi kuchli terma jamoalar bilan bellashadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi «Eng yaxshi federatsiya» nominatsiyasida da’vogar sifatida qayd etilgan bo‘lsa, mamlakatimizda o‘tkazilgan «UzChess Cup» musobaqasi «Eng yaxshi turnir» (aylanma tizimda) yo‘nalishida eng kuchli o‘ntalikka kirdi. Mazkur toifada mahalliy turnirimizga «Grand Chess Tour», «Norway Chess» va «Tata Steel Chess Tournament» kabi dunyoga mashhur musobaqalar raqobatchi bo‘ldi.

G‘oliblarni aniqlash va taqdirlash marosimi
Ushbu mukofot 2024 yilning sentabridan 2026 yilning avgustigacha bo‘lgan davrdagi jahon shaxmat hamjamiyatidagi eng yaxshi natijalarni e’tirof etadi. Qisqa ro‘yxatlar tasdiqlangach, tanlov jarayoni «FIDE»ning maxsus hakamlar hay’atiga o‘tkaziladi. Mutaxassislar barcha nomzodlarni ko‘rib chiqadi va har bir toifadagi g‘olibni ovoz berish yo‘li bilan aniqlaydi.

G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi 2026 yilning sentabr oyida O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Теглар