Forishda sel: 30 ga yaqin xonadon suv ostida qoldi

Qisqa muddatli kuchli yomg‘ir oqibatida qishloq ko‘chalari va aholi hovlilarini suv bosdi.



14-fevral kuni soat 04:53 da Jizzax viloyati Forish tumanida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida Qizilqum mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sel-suvi oqimlari yuzaga keldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Qizilqum qishlog‘ining Erali ko‘chasida joylashgan taxminan 30 ga yaqin aholi xonadonlarining hovlisi va tomorqalariga suv kirgan. Sel oqimi qisqa vaqt ichida hudud bo‘ylab tarqalgan.

Vazirlik ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va tan jarohati olganlar yo‘q. Ayni paytda vaziyat to‘liq nazoratga olingan, tegishli xizmatlar joylarda bartaraf etish ishlarini olib bormoqda.

Shuningdek, juma kuni tunda kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik poytaxtda ham muammolarni keltirib chiqardi. Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida suv to‘planish holatlari qayd etildi.

​Mazkur vaziyatni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida Toshkent shahar hokimligi tomonidan barcha obodonlashtirish xizmatlari xodimlari va maxsus texnikalari jalb etilgani ma’lum qilindi.

Теглар

Мавзуга оид

Forishda sel: 30 ga yaqin xonadon suv ostida qoldi | Vaqt.uz