Futbol klublarining har biriga davlat budjetidan 35 mlrd so‘mdan ajratiladi

Бугун 18:552 дақиқа

2026-yildan O‘zbekiston Superliga klublari to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi va ularga soliq imtiyozlari taqdim etiladi.

Futbol klublarining har biriga davlat budjetidan 35 mlrd so‘mdan ajratiladi

2026 yilgi mavsumdan boshlab O‘zbekiston chempionati — Superliga ishtirokchi klublari davlat budjeti hisobidan to‘liq moliyalashtirilishi belgilandi. Prezidentning «Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 16 ta klub uchun jami 560 milliard so‘m ajratiladi. Bu har bir jamoaga o‘rtacha 35 milliard so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Hujjatga ko‘ra, ushbu mexanizm orqali futbol klublarini moliyaviy barqarorlashtirish, boshqaruvni zamonaviylashtirish va tadbirkorlarni sohaga jalb qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, korporativ boshqaruv tizimini joriy etish va xususiy sektor ishtirokini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda.

Keyingi yillarda davlat moliyalashtirish bosqichlari

Keyingi yillarda davlat moliyalashtirishi bosqichma-bosqich kamaytiriladi. Jumladan, 2027 yilda har bir klubga 30 milliard so‘m, 2028 yilda esa 25 milliard so‘mdan ajratilishi belgilangan. Bu esa klublarni mustaqil daromad manbalariga o‘tishga undashni maqsad qiladi.

Qaror doirasida futbol infratuzilmasini rivojlantirish uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, klublarni sotib olish yoki sport obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 5 yillik kreditlar ajratiladi. Ushbu kreditlar 14 foiz stavkada va 1 yillik imtiyozli davr bilan beriladi.

Soliq imtiyozlari

Moliyaviy islohotlar doirasida soliq imtiyozlari ham joriy etildi. Endi Superliga va Proliga klublarida jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod etiladi, ijtimoiy soliq esa 1 foiz etib belgilanadi. Bu qaror klublar xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Sport vazirligi qoshida maxsus jamg‘arma tashkil etilib, 2026 yilda unga 700 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu jamg‘arma orqali sohadagi yangi tashabbuslar moliyalashtiriladi.

2025 yil yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston chempionati (Superliga) dagi 16 ta futbol klubidan atigi 3 tasi — «Dinamo,» «Paxtakor» va «Surxon» xususiy homiylarga ega (Agromir, Akfa va Eriell). Qolgan jamoalar davlat kompaniyalari, jumladan, «O‘zbekneftgaz», viloyatlar hokimliklari va boshqalar tomonidan moliyalashtiriladi.

Теглар

Мавзуга оид