Logo

Google bosh sahifasidagi qidiruv tugmasini sun’iy intellektga almashtirmoqda

O‘nlab yillar davomida o‘zgarmay kelgan tanish va sodda interfeys o‘rnini yangi avlod vositalari egallamoqda. Texnologiya giganti anonim tarmoq foydalanuvchilari uchun oddiy kalit so‘zlar bilan izlash emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri neyrotarmoqlar bilan ishlashni birinchi o‘ringa olib chiqqan butunlay yangi bosh sahifani taqdim etdi.

Google bosh sahifasidagi qidiruv tugmasini sun’iy intellektga almashtirmoqda

Google o‘zining bosh sahifasidagi an’anaviy «Google Search» (Google qidiruv) tugmasini olib tashladi va tizimga kirmagan foydalanuvchilar uchun sun’iy intellektga asoslangan yangi talqinni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda «Search Engine Watch» nashri ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, endi qidiruv satri ostida odatiy tugma o‘rniga «Tasvirlar yaratish» (Create images), «Fayllar haqida so‘rash» (Ask about files) va «Aqliy hujum» (Brainstorm) kabi yangi sun’iy intellekt yorliqlari paydo bo‘lgan.

1


23

45

Image Credit: Venkat | Search Engine Watch

Shuningdek, qidiruv satrining ichida «SI rejimi» (AI Mode) tugmasi ham joylashtirilgan. Ushbu o‘zgarishlar foydalanuvchi o‘z akkauntiga kirmagan holatda Google Chrome, Microsoft Edge va Perplexity Comet brauzerlarida kuzatilgan.

Yangi imkoniyatlar va ulardan foydalanish tartibi

Sinovlar davomida «Fayllar haqida so‘rash», «Aqliy hujum» va «SI rejimi» funksiyalari Google akkauntisiz (ro‘yxatdan o‘tmasdan turib) ham ishlashi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, «Fayllar haqida so‘rash» yorlig‘i tanlanganda, qidiruv satri ichida «+» tugmasi paydo bo‘ladi va u orqali fayl yuklab, so‘ng u bo‘yicha savollar berish mumkin bo‘ladi.

«Aqliy hujum» funksiyasi orqali esa foydalanuvchilar o‘zlariga kerak bo‘lgan narsani tasvirlab, tezkor javob olishlari mumkin.

«Ammo tasvirlar yaratish funksiyasidan foydalanish uchun Google o‘z mijozlaridan akkauntga kirishni talab qiladi», — deya maqoladan iqtibos keltiradi nashr.

Ta’kidlanishicha, bosh sahifadagi odatiy «Omadim chopmoqda» (I’m Feeling Lucky) tugmasi o‘z joyida saqlab qolingan. E’tiborli jihati shundaki, agar foydalanuvchi o‘z Google akkauntiga tizim orqali kirsa, yuqoridagi uchta yangi sun’iy intellekt tugmasi g‘oyib bo‘ladi va tizimdan chiqqandan so‘ng yana qayta paydo bo‘ladi.
Hozircha kompaniya ushbu yangi sahifa barcha foydalanuvchilarga taqdim etilishi yoki yo‘qligi haqida rasmiy ma’lumot bermagan.

Xabarda aytilishicha, bu ma’lum bir hudud, sessiya yoki akkauntlar uchun cheklangan server sinovining bir qismi bo‘lishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид