Logo

Haqli chempion. Hujumda himoyalanadigan Ispaniya Argentinaga imkon qoldirmadi

Кеча 15:1612 дақиқа

2026 yilgi Jahon chempionati yakuniga yetdi. Finalda Ispaniya katta ustunlikka erishib, qo‘shimcha bo‘limlardagi gol evaziga g‘alabaga erishdi. 2022 yilgi chempion Argentina esa kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmadi, asosiy vaqtda birorta zarba bera olmagan holda antirekord o‘rnatdi. Xo‘sh, Yevropa jamoasi nimaning evaziga g‘olib bo‘ldi va qay tariqa Messini zararsizlantira oldi? Quyida shunga javob izlaymiz.

Haqli chempion. Hujumda himoyalanadigan Ispaniya Argentinaga imkon qoldirmadi © Ijtimoiy tarmoqlar

To‘pga 65% egalik qilish – Ispaniyaning Jahon chempionatidagi klassik uslubi

Aniqroq aytganda, 65,1%. Bu — juda katta yutuq, ayniqsa, raqib ham to‘pga egalik qilish bo‘yicha eng yaxshi besh jamoa qatoriga kirganini hisobga olsak. Ispaniya eng qiyin o‘yinda ham o‘z uslubidan voz kechmadi.

Eng muhimi, Argentina futbolchisining maydondan chetlatilishi deyarli hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Enso Fernandes qizil kartochka olguniga qadar ham ispanlar to‘pga vaqtning 65,9 foizida egalik qilib turgandi.

Shuningdek, Lionel Skalonining taktik o‘zgarishlari ham sezilarli natija bermadi. Argentina tarkibidagi eng katta kutilmagan qaror – har 90 daqiqaga hisoblangan uzatmalar soni bo‘yicha Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Leandro Paredesning asosiy tarkibda yo‘qligi edi (bu ko‘rsatkichda u hatto Rodridan ham yuqori edi). Uning o‘rniga Niko Gonsales tushirildi, tayanch yarimhimoyada esa Enso Fernandes va Aleksis Mak Allister juftlik hosil qildi.

Bu qaror Skaloni tashabbusni qo‘lga olishga hatto urinmaganini ko‘rsatdi. Fernandes va Mak Allister tayanch yarimhimoyachi vazifasini bajara oladi, ammo klublarida bu vazifani odatda sheriklari bilan bo‘lishadi. Ular ma’lum hajmdagi ishni bajara oladi, ammo o‘yin nazoratini to‘liq qo‘lga olishga ixtisoslashmagan. Tezkor Niko Gonsalesning maydonga tushirilishi ham shu rejaga mos edi. Ehtimol, uning tezligi orqali Ispaniyaning yuqori joylashgan himoya chizig‘ini ochish maqsad qilingan.

Birinchi bo‘limda Skalonining rejasi amalga oshmadi. Ular Gonsalesni himoya ortiga uzatmalar bilan chiqarishga harakat qildi. Birinchi suv ichish vaqtigacha bo‘lgan hujumlar xaritasida ham uzatmalarning aksariyati Niko tomon yo‘naltirilganini ko‘rish mumkin.

Tanaffusda Skaloni jamoani odatiy o‘yiniga qaytarishga harakat qildi: Gonsales maydonni tark etdi, Paredes tayanch yarimhimoyaga qaytdi. Endi e’tibor to‘pga egalik qilish va turnir davomidagi an’anaviy uslubga qaratildi. Argentina to‘pni ko‘proq nazorat qila boshladi, ammo bu faqat ikkinchi bo‘lim boshidagina davom etdi. Keyin esa Ispaniya to‘pga egalik qilish darajasini hatto 69,8 foizgacha oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ispaniya asosiy vaqtda raqibiga birorta ham zarba berishga yo‘l qo‘ymadi. Argentinaning birinchi zarbasi 117-daqiqada amalga oshdi.

1

Argentina Jahon chempionati finallari tarixida asosiy 90 daqiqa davomida birorta ham zarba yo‘llamagan ilk jamoaga aylandi.

Albatta, hech bo‘lmaganda rasmiyat uchun 30 metrlardan tribunaga qarata bo‘lsa ham ertaroq zarba berishlari mumkin edi. Ammo muammo shundaki, Argentina hatto darvozaga yaqin masofaga ham juda kam yetib bordi. To‘pga kam egalik qilgan paytda esa shunchaki zarba berish uchun uni yo‘qotishni hech kim istamaydi.

Bu uzoq davom etgan o‘yinda Argentina atigi 0,17 xG to‘pladi. Hujumda juda zaif o‘yin.

Biroq bu faqat Argentinaga tegishli emas. Turnir davomida Ispaniyaga qarshi o‘ynagan barcha jamoalar hujumda qiynaldi. Ispaniya buning uchun barcha sharoitni yaratdi.

Ispaniya butun Jahon chempionati davomida atigi bitta to‘p o‘tkazib yubordi — chorakfinalda Belgiyadan. Har bir o‘yinda raqiblarga o‘rtacha 0,29 xG qayd etishdi.

Bu — hatto sakkizta o‘yinlik masofada ham hayratlanarli natija. Ikkinchi o‘rindagi Kolumbiyada bu ko‘rsatkich 0,62 xG bo‘lib, Ispaniyanikidan ikki baravardan ham ko‘p. Qolaversa, Kolumbiya hal qiluvchi bosqichlarga ham yetib bormagandi. Ispaniya Portugaliyaga qarshi 0,63 xG, Belgiyaga qarshi 0,35, Fransiyaga qarshi 0,31, Argentinaga qarshi esa 0,17 xG berdi (faqat asosiy 90 daqiqani hisoblasak, bu ko‘rsatkich hatto 0,00).

Qizig‘i shundaki, Ispaniya an’anaviy ma’noda — o‘z yarim maydonida to‘psiz himoyalanish uslubida kamdan kam o‘ynadi. Darvozabon Unai Simonda ushbu Jahon chempionatida himoyachilarni sug‘urtalash uchun jarima maydonidan tashqariga chiqqan holatlar soni seyvlaridan ham ko‘proq bo‘ldi.

Ispaniya to‘pga egalik qilgan holda nafaqat hujum qildi, balki himoyalandi ham. To‘p yo‘qotilganda turnirdagi eng kuchli qarshi pressing ishga tushardi. Bosim o‘tkazish bo‘yicha hech bir jamoa Ispaniya kabi tartibli, shiddatli va eng muhimi, samarali harakat qilmadi.

Agar raqib uzun uzatma bilan pressingni yengib o‘tishga urinsa, Pau Kubarsi va Emerik Laport bu harakatlarning barchasini bartaraf etardi.

Bu — zamonaviy klub futbolidagi asosiy tendensiyalardan biri: kuchli jamoalar ko‘proq raqib yarim maydonida himoyalanadi, o‘z yarim maydonida emas.

Rodri yaxshi o‘ynasa, demak, Ispaniya ham yaxshi o‘ynaydi

Rodri nafaqat Jahon chempioni bo‘ldi, balki turnirning eng yaxshi futbolchisi sovrinini ham qo‘lga kiritdi. Bu biroz kutilmagan natija bo‘ldi, chunki odatda ko‘p gol urgan hujumchilar ko‘proq e’tibor qozonadi.

U milliy jamoaning tayanch futbolchisi, to‘p nazoratining kafolati, deyarli har bir izchil hujumning tashkilotchisi, raqib hujumlarini barbod qiluvchi o‘yinchi hisoblanadi. Bu vazifani u nafaqat tayanch yarimhimoya zonasida, balki maydonning yuqoriroq qismida ham bajaradi. Hatto ikkinchi holatni birinchi holatdan ham ko‘proq ko‘ramiz. Taktik savodxonlik va jismoniy ustunlikning namunaviy uyg‘unligi.

Rodrining o‘yinni o‘qish, sheriklari bilan muloqotni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish qobiliyati hech qayerga yo‘qolmaydi. Ammo tizza bog‘lamlari uzilganidan keyin uning jismoniy holatida muammolar bor edi. Ushbu Jahon chempionatida Rodri Kabo-Verdega qarshi bahsda bir nechta xatoga yo‘l qo‘ydi, ammo qolgan barcha bahslarni birga hisoblaganda ham birinchi turdagidan kamroq xato qildi.

Argentinaga qarshi finalda u yana o‘zining yuqori saviyasini namoyon etdi: uzatmalarning 95 foizi aniq chiqdi (106 ta urinishdan 101 tasi), hujumda eng ko‘p uzatma berdi (16 ta), to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha ham yetakchi bo‘ldi (4-marta), to‘p uchun kurashlarda 10 ta vaziyatdan 8 tasida g‘olib chiqdi va raqiblarni uch marta qoidabuzarlik ishlatishga (ispanlar orasida eng ko‘p) majbur qildi.

2

O‘zi ham ikki marta qoida buzdi, ammo aynan o‘z uslubida: taktik follar, raqibning istiqbolli hujumlarini ilk bosqichidayoq to‘xtatish. Dunyoda raqib hujumlarini Rodridek sezilmaydigan tarzda yo‘q qiladigan futbolchi deyarli topilmaydi.

Ajoyib yarimhimoyachidan ajoyib turnir.

Golli hujumda muhim rol o‘ynaydigan qanot himoyachisi — Ispaniyaning Jahon chempionatidagi o‘ziga xos jihati

Ferran Torres chempionlik golini urgan hujumda assistni Pedro Porro amalga oshirdi.

Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri golli harakat emas, ammo juda muhim epizod. Zamonaviy futbolda bunday harakatlar nihoyat munosib baholana boshladi. Hatto bu amalda ham ko‘rinadi: masalan, «PSJ» futbolchilarining shartnomasida assistlan avvalgi uzatmalar uchun ham alohida bonuslar belgilangan.

Ispaniyaning qanot himoyachilari ham ushbu Jahon chempionatida bevosita samarali harakatlari bilan ajralib turdi. Pedro Porro, Mark Kukurelya va Markos Lorente — uchalasi birgalikda beshta golli harakat qayd etdi. Bu raqam hatto oltita bo‘lishi ham mumkin edi, ammo Saudiya Arabistoniga qarshi bahsdagi gollardan biri avtogol sifatida rasmiylashtirildi (dastlabki zarbani Kukurelya bergandi). Shunday bo‘lsa ham, bu beshta samarali harakat g‘alabali Yevropa chempionatidagidan uchtaga ko‘p.

Bu, albatta, tasodif emas. Aynan qanot himoyachilari Ispaniyaning asosiy quroliga aylandi. Yevropa chempionatida ular asosan yordamchi vazifani bajarib, Lamin Yamal va Niko Uilyamsning imkoniyatlarini ochishga xizmat qilgandi. Jahon chempionati oldidan esa har ikki vinger jarohatlar sabab muammolarga duch keldi va Kukurelya hamda Porro ularning o‘rnini muvaffaqiyatli to‘ldirdi.

Jahon chempionatidagi eng mashhur almashtirish yana Ispaniyaga foyda keltirdi

62-daqiqada Luis de la Fuente Fabian Ruis o‘rniga Pedrini maydonga tushirdi. Bu oddiy almashtirish emas, balki turnirda eng ko‘p takrorlangan o‘zgarish bo‘ldi. Jahon chempionatida bu ikki futbolchining bir-birini almashtirishi yettinchi marta sodir bo‘ldi.

Faqat Kabo-Verdega qarshi dastlabki o‘yindagina ular birgalikda asosiy tarkibda maydonga tushishgan. Keyin esa o‘zaro raqobatchilarga aylanishdi. Avvaliga Pedri asosiy tarkib uchun kurashda ustun kelayotgandi, ammo pley-off bosqichida bu o‘rinni Fabian Ruis egallab oldi.

Bu safar Pedrining maydonga tushirilishi De la Fuentening Leandro Paredes o‘yinga qo‘shilganiga javobi bo‘ldi. Argentina tashabbusni to‘liq qo‘lga olmagan bo‘lsa-da, nihoyat to‘pga uzoqroq egalik qila boshladi. Pedri maydonga tushguniga qadar argentinaliklarning to‘p nazorati 45,5 foizni tashkil etdi. Final sharoitida bu ular uchun juda yuqori ko‘rsatkich edi.

Pedri Ispaniyaga nazoratni qaytarib berdi. U maydonga tushganidan keyin asosiy vaqt tugagunga qadar Ispaniya to‘pga 77 foiz egalik qildi.

3

Pedri o‘z vaqti davomida uzatmalar sifati bo‘yicha eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Demak, u nafaqat pressing va harakatlari orqali bilvosita, balki uzatmalari bilan ham bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Bu bilan cheklanib qolmadi: o‘yinning birinchi soatini o‘tkazib yuborganiga qaramay, eng ko‘p golli vaziyat yaratgan futbolchi bo‘ldi — to‘rtta imkoniyat tashkil qildi. U Ispaniyaga nafaqat nazorat, balki yetishmayotgan keskinlikni ham olib kirdi. Bu ham Ispaniya uchun odatiy holat: o‘yin oxiriga yaqinlashgan sari ular ko‘proq xavfli vaziyatlar yaratadi.

Ispaniyaning har qanday o‘yinchi almashtirishi xavfli qurolga aylandi

Portugaliyaga qarshi 1/8 finalda Mikel Merino 85-daqiqada maydonga tushib, 90+1-daqiqada uchrashuvdagi yagona golni urdi.

Belgiyaga qarshi chorakfinalda esa u 86-daqiqada zaxiradan tushirildi va ikki daqiqadan keyin, 88-daqiqada g‘alaba to‘pini kiritdi.

Argentinaga qarshi bahsda Merino 75-daqiqada maydonga tushdi. Bu safar u gol uraolmadi, garchi aniq imkoniyatga ega bo‘lgan bo‘lsa ham.

Shunga qaramay, Ispaniya baribir zaxiradan tushgan futbolchilar tufayli g‘alaba qozondi. Golni ham, golli uzatmani ham zaxiradan tushgan o‘yinchilar amalga oshirdi. Niko Uilyams to‘pni Ferran Torresga oshirib berdi va aynan shu hujum chempionlik goliga aylandi.

Niko Uilyamsning Ferran Torresga uzatmasi uning zaxiradan maydonga tushgan oltinchi o‘yinidagi ilk samarali harakat bo‘ldi. Eng yaxshi o‘yini ham aynan finalda kechdi.

Uilyams maydonga tushgach, Ispaniyaning qanotdan hujumlari ancha xilma-xil tus oldi. Jamoa endi faqat Lamin Yamalga tayanib qolmadi. Qolaversa, to‘p Yamalning qanotida bo‘lgan paytlarda ham Niko jarima maydonidagi qo‘shimcha nishonga aylanadi — yo darvoza qarshi qismida, yoki uzoq ustun yonida. Birinchi qo‘shimcha vaqtda o‘zi gol urishi mumkin edi, ikkinchisida esa to‘pni Ferran Torresga oshirib berdi.

4

Ispaniya uchta g‘alabani o‘yinning so‘nggi daqiqalarida qo‘lga kiritdi. Bu g‘alabalarning barchasi pley-off bosqichida qayd etildi va har safar hal qiluvchi hissani zaxiradan tushgan futbolchilar qo‘shdi.

Umuman olganda, bu haqiqatan ham Ispaniyaga xos g‘alaba bo‘ldi. Bu bilan ularning yutug‘ini kichraymaydi. Aksincha, Jahon chempionati finalida o‘zining odatiy uslubida g‘alaba qozonishning o‘ziyoq favqulodda yutuqdir. Argentina uzoq vaqt qarshilik ko‘rsatdi, ammo oxir-oqibat Ispaniyaning navbatdagi qurboniga aylandi.

To‘psiz Messi

Argentinaning hujum chizig‘i Ispaniyaga qarshi finalning 117 daqiqasida deyarli yo‘qdek ko‘rindi. Asosiy yetakchi Lionel Messi o‘rtacha o‘yin o‘tkazdi, maydonda deyarli ko‘rinmadi. Bunga xulosalar quyidagicha:

🔘 Argentina to‘pga atigi 34 foiz egalik qilgan sharoitda (qizil kartochkagacha bo‘lgan ko‘rsatkich) Messi odatdagidek o‘yinga ta’sir ko‘rsata olmaydi.

🔘 Bunday o‘yinda uning himoyadagi kamchiliklari hujumdagi ustunliklaridan og‘irroq tosh bosadi.

🔘 Ispaniya hozirgi kunda dunyoda Messini aynan shunday darajada cheklab qo‘ya oladigan yagona milliy jamoadir.

Umuman olganda, hammasini shu uchta fikr bilan tushuntirish mumkin. Endi esa batafsil izohlarga o‘tamiz.

5

Nega Messi hujumda bunchalik zaif o‘ynadi?

Ispaniya finalga Messining «sehri»ga qarshi eng yaxshi nazariy choraga ega jamoa sifatida yetib keldi. Messi o‘yinni ajoyib o‘qigan, raqibning og‘riqli nuqtasini topgan va bellashuv taqdirini o‘zgartirgan har bir bahsda Argentina ma’lum vaqt davomida to‘p nazoratida katta ustunlikka ega bo‘lgan. Bu yerda aniq ketma-ketlik mavjud: avval jamoa o‘yin nazoratini qo‘lga oladi (yoki raqib hisob tufayli tashabbusni o‘zi beradi), shundan keyin Leo raqibning zaif nuqtasini topib, hal qiluvchi zarbani beradi. Hozirgacha hech kim Messini u raqibni qanday o‘qisa, undan yaxshiroq o‘qiy olmadi. Shu sababli hech kim uni bunday yo‘l bilan to‘xtata olmagan.

Ammo Ispaniyada bundan ham soddaroq, biroq juda kuchli qurol bor — ular Argentinaga to‘p nazoratida o‘sha hal qiluvchi ustunlikni hech qachon berishmadi. Aynan shu holat o‘z tasdig‘ini topdi va Leo hech qanday kutilmagan yechim taklif qila olmadi.

Butun o‘yin davomida Ispaniyaning to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 62 foizdan pastga tushmadi. Demak, Argentina hatto 10–15 daqiqalik qisqa vaqt ichida ham tashabbusni o‘z qo‘liga ololmadi.

Amalda bu ikki muhim oqibatga olib keldi. Birinchidan, Leo to‘p bilan o‘z mahoratini namoyon qilish uchun juda kam imkoniyat oldi. Ikkinchidan, u bu imkoniyatlarni qayerda qabul qilishini o‘zi tanlay olmadi. Aynan mana shu jihat juda muhim. Messining o‘yinga ta’sir o‘tkazish mexanizmi aynan shu omilga tayanadi.

Argentina to‘liq nazoratni qo‘lga olganida va raqibni bosim ostida ushlab turganida, Messi o‘zining mashhur usulidan foydalanadi: raqib tizimidagi bo‘shliqlarni o‘rganadi, eng muammoli hududlarga ko‘chib o‘tadi va aynan o‘sha yerda eng katta xavf tug‘diradi.

Bu faqat Argentina uzoq davom etadigan hujumlar qurganidagina amalga oshadi. Chunki aynan shunday vaziyatda u to‘pni qayerda qabul qilishini o‘zi boshqaradi.

To‘p tezkor to‘p tortib olinganidan keyin darhol Messiga yetkazilsa, u bu hududni tanlamaydi. Xuddi shuningdek, argentinalik himoyachi bosim ostida to‘pni oldinga uzoq tepib yuborganda ham Messi yoki Alvares uni qabul qilishiga umid qilinadi, ammo Leo qayerda to‘p olishini nazorat qilmaydi.

Aslida, tartibsiz va beqaror epizodlarda ham Messining texnikasi va qarorlari yaxshi darajada edi. Ammo bunday vaziyatlar soni juda kam bo‘ldi. Leoning noyob futbol aqlini to‘liq namoyon qilishi uchun qisqa chaqnashlar emas, balki uzoq davom etadigan pozitsion hujumlar kerak. Bu finalda esa aynan shunday hujumlar umuman bo‘lmadi.

Nega Leo bunday o‘yinlarda muammoga aylanadi?

Messi to‘psiz o‘yin jarayonida deyarli ishtirok etmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Argentina bu sharoitda ham Ispaniyaning kuchli jihatlarini yaxshi cheklay oldi va uzoq vaqt davomida ularga xavfli vaziyatlar yaratish imkonini bermadi.

Biroq raqib to‘pga shunchalik ko‘p egalik qilgan bir paytda Messining himoya ishlaridan deyarli butunlay ozod qilinishi Argentina uchun muammolar keltirib chiqardi.

Shunday holatlardan biri. Dastlab Argentina 5-3-1-0 sxemasida harakat qildi. Rodrigo De Paul besh kishilik himoya chizig‘iga tushib, Mark Kukurelyani nazorat qildi. Qolgan uch nafar yarimhimoyachi hamda Xulian Alvares markazni yopib, to‘p qayerda bo‘lsa o‘sha tomon siljib harakat qildi. Leo esa amalda bu tizimdan tashqarida edi. Bu tuzilishning tabiiy oqibati shundaki, Ispaniya har doim bir nafar bo‘sh yarimhimoyachiga ega bo‘lar va hujum yo‘nalishini bemalol o‘zgartira olardi.

Keyingi oqibat esa yanada muhimroq edi: argentinaliklar to‘psiz holatda ko‘proq yugurishga majbur bo‘lishdi. Ispaniya yuqori sur’atda aniq uzatmalar qilganida, ular ulgura olmasdi va ko‘proq qoidabuzarlik qilishga majbur bo‘lardi. Birinchi bo‘limda Enso Fernandes, Aleksis Mak Allister va qisman Niko Gonsales juda katta hududni yopishlari hamda juda ko‘p raqibga qarshi harakat qilishlari kerak edi.

Argentina kamdan kam hollarda yuqori pressingga chiqqan paytlarda esa Enso bir vaqtning o‘zida uchta yo‘nalishni nazorat qilishga majbur bo‘ldi: tayanch yarimhimoyachi, darvozabon va ortga tushgan yarimhimoyachini. Messi esa hatto markaziy himoyachiga qarshi ham qattiq bosim o‘tkazmas, to‘p harakatiga qarab joylashuvini ham o‘zgartirmasdi.

Finalda hakam sariq kartochka ko‘rsatishga juda ehtiyotkor yondashdi. Shu sabab Argentina himoyadagi katta kamchilikni ancha vaqt yashira oldi. Ammo qoidabuzarliklar soni ham, ularning qo‘polligi ham tobora oshib bordi.

Qizil kartochkani Enso emas, masalan, Paredes ham olishi mumkin edi. Yoki Enso boshqa epizodda ham chetlatilishi mumkin edi. Lekin umumiy manzaradan kelib chiqilsa, qizil kartochka deyarli muqarrar edi.

Ha, Messi doimo shunday o‘ynaydi. Ammo raqib to‘pga mutlaq ustunlik bilan egalik qilayotgan o‘yinlarda uning bu roli haqiqiy muammoga va kechikib portlaydigan «bomba»ga aylanadi.

6

Argentina to‘pga ko‘proq egalik qilishi mumkinmidi?

O‘yinning bunchalik bir tomonlama kechishiga uchta asosiy sabab bo‘ldi.

1. Ispaniyaning tabiiy uslubi

Ispaniya har doim to‘pga egalik qilishni yaxshi ko‘radi. Bu ularning futbol falsafasi va bu jihatda ular dunyodagi eng kuchli jamoadir.

2. To‘pni qaytarib olish tezligidagi farq

Ispaniya pressing va qarshi pressingni ancha uyushqoq, muntazam va yaxlit tarzda amalga oshiradi.

Argentina esa buni kamroq va parokanda tarzda bajaradi. Bunga sabablardan biri — Messining himoyadagi ish hajmi pastligi. Jamoa o‘z tizimini unga moslashtiradi.

Taqqoslash uchun: Ispaniya Jahon chempionatida raqib maydonining so‘nggi uchdan bir qismida to‘pni qaytarib olish bo‘yicha har 90 daqiqa hisobiga ko‘ra 1-o‘rinni egalladi. Argentina esa bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat 20-o‘rinda bo‘ldi. Ular hatto Kabo-Verdeden ham bir pog‘ona pastda joylashdi.

3. Skalonining tarkib bo‘yicha qarori

Argentina to‘pni yaxshiroq nazorat qilishi mumkin edi. Albatta, Ispaniyadan ustun kela olmasdi, ammo hech bo‘lmaganda nazoratni ancha yaxshiroq saqlab turardi.

Buning uchun birinchi bosqichdagi asosiy figuralar Leandro Paredes va Lisandro Martines edi.

Paredes — o‘yin sur’atini boshqaradigan, aniq uzatmalari bilan ajralib turadigan tayanch yarimhimoyachi. Lisandro Martines esa jamoaning eng yaxshi uzatma beruvchi himoyachisi hisoblanadi.

Ammo finalda ular bir daqiqa ham birga o‘ynamadi. Paredes bellashuvni zaxiradan boshladi va faqat tanaffusdan keyin maydonga tushdi. Bu vaqtga kelib esa Lisandro Martines jarohat olib, o‘yinni tark etgandi.

Ispaniyadan o‘yin nazoratini tortib olishning o‘zi nihoyatda qiyin vazifa hisoblanadi. Bunday sharoitda esa Argentina bu vazifani yanada murakkablashtirib yubordi.

Xullas, 23-bor o‘tkazilgan mundial ispan futboli hamon ustunligini, hamon trendda ekanligini ko‘rsatib berdi. Jamoa deyarli barcha o‘yinlarda raqibdan bir bosh kuchli ko‘rindi va yakunda haqli chempionlikka erishdi.   

Россия - Украина уруши

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026

JCH-2026 o‘yinlariga oid barcha xabarlar bitta havolada.

Теглар

Мавзуга оид