Logo

Ilgiz Tantashevga Jahon chempionatida boshqa o‘yin berilmasligi kerak — ekspert

Бугун 19:272 дақиқа

Fransiya — Paragvay bahsidan so‘ng xalqaro ekspert Tantashevni o‘yinni nazorat qila olmaslikda aybladi. «L’Équipe» nashri esa unga atigi 1 ball qo‘ydi. Bredli Barkolaga ko‘rsatilgan noto‘g‘ri sariq kartochka va Kilian Mbappe ishtirokidagi ommaviy to‘qnashuvlardagi sustkashlik — ekspertlarning eng ko‘p e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ilgiz Tantashevga Jahon chempionatida boshqa o‘yin berilmasligi kerak — ekspert © Getty Imagеs

Angliya Premer-ligasining sobiq hakami Kit Hakett O‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashevning Paragvay — Fransiya uchrashuvidagi ishini keskin tanqid qildi. Uning fikricha, Tantashev musobaqada boshqa o‘yin boshqarmasligi lozim.

«Men hakam Ilgiz Tantashevning juda yomon ishlaganiga guvoh bo‘ldim. Menimcha, unga ushbu Jahon chempionatida boshqa o‘yin berilmasligi kerak», — dedi Hakett «Flashscore» portaliga bergan intervyusida.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Tantashev Paragvay futbolchilarining o‘yin sur’atini pasaytirishga qaratilgan harakatlari va ayrim futbolchilarning qoidabuzarliklarini to‘g‘ri baholay olmagan.

«Juda yomon qaror»

Hakett Fransiya futbolchisi Bredli Barkolaga ko‘rsatilgan sariq kartochkani ham tanqid qildi.

«Vaziyatdan bir necha metr uzoqlikda turgan hakam fransiyalik Bredli Barkolaga go‘yoki Xuan Xose Kaseresga qarshi qo‘pol o‘ynagani uchun sariq kartochka ko‘rsatdi. Vaholanki, takroriy lavhalarda hech qanday to‘qnashuv bo‘lmagani ko‘rindi. Bu hakam tomonidan chiqarilgan juda yomon qaror edi», — dedi u.

Shuningdek, ekspert 34-daqiqada Kilian Mbappe bilan bog‘liq mojaro vaqtida hakam kamida ikki futbolchini ogohlantirishi kerakligini aytdi.

«Aslida, hakamlarga bunday ommaviy to‘qnashuvlar paytida o‘z nazoratini saqlab qolish uchun kamida ikkita sariq kartochka ko‘rsatish tavsiya etiladi», — deydi mutaxassis.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 38-daqiqada Paragvay futbolchisining Mbappega nisbatan harakati ham sariq kartochkaga munosib bo‘lgan, ammo hakam hech qanday chora ko‘rmagan.

Hakett 68-daqiqada Fransiya foydasiga belgilangan penalti holatiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, dastlab hakam o‘yinni davom ettirgan, faqat «VAR» aralashuvidan keyin penalti belgilangan.

Tantashevning ishi 1 ballga loyiq ko‘rildi

Fransiyaning «L’Équipe» nashri o‘zbekistonlik hakamning Jahon chempionatidagi ishini 10 balldan atigi 1 ball bilan baholadi.

Nashr tahlilchilarining fikricha, Paragvay futbolchilari tomonidan vaqt cho‘zish va o‘yin sur’atini buzishga qaratilgan harakatlar yetarlicha jazolanmagan. Biroq qo‘shib berilgan vaqtda (90+7-daqiqada) Maykl Olisega o‘yin qoidasini buzgani uchun arzimagan vaziyatda sariq kartochka berilgan.

«L’Équipe» ta’kidlashicha, hakamlarga baho qo‘yish amaliyoti joriy etilganidan beri 1 ball berish holati juda kam uchragan.

2016 yilgi Yevropa chempionatidan keyin boshlangan baholash tizimida bunday past baho avval faqat ikki marta qayd etilgan.

Nashr bahoni milliy tarafkashlik sabab emas, balki hakamlik sifati, o‘yin nazorati va futbolchilarni jarohatlardan himoya qilish mezonlaridan kelib chiqib qo‘yganini bildirdi.

Россия - Украина уруши

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026

JCH-2026 o‘yinlariga oid barcha xabarlar bitta havolada.

Теглар

Мавзуга оид