Logo

Ilhom Aliyev yangi haftada O‘zbekistonga keladi

Toshkentda O‘zbekiston va Ozarboyjon yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ilhom Aliyev yangi haftada O‘zbekistonga keladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev 23-24-avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.

Kun tartibi

Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Ozarboyjon yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Sammit kun tartibidan O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasidagi kooperatsiyani chuqurlashtirish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar.

Muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar to‘plamini imzolash hamda qator iqtisodiy va gumanitar loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, ayni kunlarda O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumi hamda boshqa qo‘shma tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Oldingi tashriflar xronikasi

Eslatib o‘tamiz, Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga so‘nggi bor 2024 yilning 22-23-avgust kunlari davlat tashrifi bilan kelgan edi. Shuningdek, u 2025 yilning 15-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ham bo‘lgan.

Теглар