IT Park Ventures kapitali 30 mln dollarga oshirildi

Бугун 11:352 дақиқа

Kengaytirilgan jamg‘arma startaplarga ko‘proq sarmoya kiritish, Seed va Series A bosqichidagi loyihalar hamda xalqaro bozorlarga chiqayotgan texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

IT Park Ventures kapitali 30 mln dollarga oshirildi © stock

O‘zbekistonda IT Park Ventures fondi kapitali 10 mln dollardan 30 mln dollargacha oshirildi. Bu haqda Global Tech Weekend Tashkent 2026 xalqaro tadbiri doirasida ma’lum qilindi.

Qo‘shimcha moliyalashtirish fondga startap ekotizimini rivojlantirish, investitsiya portfelini kengaytirish va texnologik kompaniyalarni o‘sish bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

Shuningdek, jamg‘arma endi:

— 3 million dollargacha bo‘lgan sarmoyaviy takliflarni ko‘rib chiqadi;

— kengayish salohiyatiga ega texnologik startaplarga e’tibor qaratadi;

— O‘zbekistonning venchur ekotizimini mustahkamlashda davom etadi.

Shu bilan birga, 2030 yilgacha O‘zbekistonda 5000 ta startap, 2 milliard dollarlik venchur investitsiya hamda bahosi 100 million dollardan oshadigan 25 ta startap yaratish yaratish maqsad qilingan.

Ta’kidlash joizki, fondning dastlabki kapitali 10 mln dollarni tashkil etgan va shu paytga qadar uning 80 foizdan ortig‘i texnologik startaplarga va venchur ekotizimini rivojlantirishga sarflangan. Yangi mablag‘lar orqali IT Park Ventures bitimlar sonini ko‘paytirib, startaplar bilan hamkorlikni faollashtiradi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilning yanvar–mart oylarida 10 ta venchur fond jami 24 ta startapga 148,6 million dollar investitsiya kiritdi. Shu bitimlardan 16 tasi mahalliy startaplarga, qolgani esa xorij bozorida faoliyat yuritayotgan startaplarga to‘g‘ri keldi.

Ushbu investitsiyalardan 131,5 million dollari Series A bosqichidagi Uzum startapiga sarflandi. Xalqaro investorlar qatorida VR Capital, Tencent va FinSight O‘zbekistonning eng yirik e-commercye platformasiga mablag‘ kiritdi. Qolgan 23 ta startapning umumiy investitsiya hajmi esa 17,1 million dollarni tashkil qilib, o‘rtacha bitim cheki 743 ming dollarni tashkil etdi.

Теглар

Мавзуга оид