Javohir Sindarov dunyoning ikkinchi raqamli shaxmatchisini mag‘lub etdi

Кеча 22:312 дақиқа

Besh turdan so‘ng 5 imkoniyatdan 4,5 ochko jamg‘argan Sindarov Nomzodlar turniri tarixida bunday natija qayd etgan ilk shaxmatchi bo‘ldi.

Javohir Sindarov dunyoning ikkinchi raqamli shaxmatchisini mag‘lub etdi © Foto: FIDE

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Kiprda o‘tayotgan Nomzodlar turnirining 5-turida dunyoning ikkinchi raqamli shaxmatchisi Hikaru Nakamurani mag‘lub etdi. Ushbu g‘alaba evaziga Sindarov turnir jadvalida 4,5 ochko bilan yakka peshqadamlikni mustahkamladi va jahon reytingining kuchli beshligiga kirdi.

Nakamura bilan bahs

Qora donalarda o‘ynagan Javohir Sindarov debyutdayoq tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Amerikalik tajribali grossmeyster Hikaru Nakamura 13-yurishda (h4) to‘g‘ri yo‘l topish uchun 1 soatdan ortiq vaqt sarfladi, biroq bu unga yordam bermadi. Sindarov avvalgi turda Fabiano Karuanani yenggani kabi, bu safar ham raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va partiya oxirigacha bosimni saqlab qoldi.

Nomzodlar turniri tarixidagi eng yaxshi start

Besh turdan so‘ng 5 imkoniyatdan 4,5 ochko jamg‘argan Sindarov Nomzodlar turniri tarixida bunday natija qayd etgan ilk shaxmatchi bo‘ldi. U musobaqa davomida ketma-ket Andrey Yesipenko, Rameshbabu Pragnanandha, Fabiano Karuana va Hikaru Nakamura kabi grandlarni taslim etdi. Faqatgina ikkinchi turda Mattias Blubaum bilan durang qayd etilgan.

Ikki o‘zbekistonlik dunyoning eng kuchli beshligida

Ushbu g‘alaba Javohir Sindarovni dunyo shaxmatchilarining joriy (real vaqtdagi) reytingida 5-o‘ringa olib chiqdi. Bu shuni anglatadiki, Sindarov rasmiy ro‘yxat chiqishini kutmasdan, qo‘lga kiritilgan ochkolari evaziga amalda dunyoning beshinchi raqamli shaxmatchisiga aylandi.

E’tiborlisi, ushbu jadvalning 4-pog‘onasini yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov egallab turibdi. Shu tariqa, ayni daqiqalarda sayyoramizning eng kuchli besh nafar shaxmatchisidan ikki nafari O‘zbekiston vakillaridir.

Sovrin jamg‘armasi

2026 yilgi Nomzodlar turniri 15-aprelga qadar davom etadi. 14 turdan iborat musobaqa g‘olibi 500 ming yevro miqdoridagi sovrinni qo‘lga kiritishdan tashqari, jahon chempioni Dommaradju Gukesh bilan shaxmat toji uchun bahs yuritish huquqiga ega bo‘ladi.

4-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan 6-turda Javohir Sindarov qora donalarda xitoylik Vey Iga qarshi dona suradi.

Теглар

Мавзуга оид