Logo

Jizzaxdagi ulkan AES qurilishi qaysi bosqichda? Prezidentga hisobot berildi

Loyiha umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Jizzaxdagi ulkan AES qurilishi qaysi bosqichda? Prezidentga hisobot berildi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatidagi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi va unga yondosh zamonaviy shaharcha barpo etish bo‘yicha ishlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari to‘liq yakunlangan. Qurilish jarayonida 1 million kub metrdan ortiq tuproq chiqarilgan, poydevor plitasining bir qismiga 916 kub metr beton quyilgan. Qurilish-montaj bazasidagi 100 gektar maydonda yer ishlari ham to‘liq bajarilgan.

Loyiha 2026 yil 4-iyundan qurilishning faol bosqichiga o‘tgan. Ayni paytda maydonda 450 nafar ishchi va mutaxassis 100 dan ziyod maxsus texnika bilan ishlamoqda. Umumiy qiymati 9,5 milliard dollar bo‘lgan loyihada 3 mingga yaqin turdagi mahsulot va uskunalardan foydalanish rejalashtirilgan.

Mahalliylashtirishga yangi talab


Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihada mahalliy mahsulotlar ulushi hozircha 21 foiz yoki 1,9 milliard dollarni tashkil qilmoqda. «Davlatimiz rahbari bu ko‘rsatkich yetarli emasligini ta’kidladi va uni kamida 30 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar bajarishi va 7 ming nafar mahalliy ishchi hamda mutaxassisni loyihaga jalb etish vazifasi belgilandi. Bu talab AES qurilishida mahalliy sanoat ishtirokini sezilarli oshirishni nazarda tutadi.

Forish tumanida 200 gektar maydonda qurilish materiallariga ixtisoslashgan maxsus sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. U yerda kamida 100 ta qo‘shma korxona joylashtirilib, texnologiyalar transferi orqali 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi.

Prezident bu taklifni ma’qullab, yil yakuniga qadar sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlarini tatbiq etish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishni topshirdi.

«Atomchilar shaharchasi»

Stansiya tashqi muhandislik infratuzilmasi uchun 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltli podstansiya, 21 kilometr ichimlik va 120 kilometr texnik suv quvurlari quriladi. Shuningdek, 39,5 kilometr avtomobil va 11 kilometr temir yo‘l barpo etiladi. Ushbu obyektlarda mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60–70 foizga yetkazish talab qilindi.

Qurilish davrida ishchilar va ularning oilalari uchun 200 gektar maydonda qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallangan «Atomchilar shaharchasi» barpo etiladi. Birinchi bosqichda 3 ming xonadonli uylar foydalanishga topshiriladi, keyinchalik shaharchada maktab, tibbiyot, sport, madaniyat va dam olish obyektlari ham quriladi.

Loyihada xavfsizlik asosiy talab sifatida belgilangan. Barcha ishlar MAGATE talablari va xalqaro standartlarga muvofiq olib boriladi. 22–26-iyun kunlari MAGATEning kompleks baholash missiyasi O‘zbekiston milliy yadroviy infratuzilmasining rivojlanish holatiga yuqori baho bergan.

Kadrlar masalasi

Stansiyani kelgusida boshqaradigan yuqori malakali operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi mutaxassislarini maqsadli tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qayd etilishicha, Rossiya milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filialini 2023 yildan buyon 216 nafar talaba bitirgan.

Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Koreyaning yetakchi oliygohlarida magistratura va aspiranturada tahsilni davom ettirmoqda, yana 100 nafar mutaxassis mamlakatimizning to‘rtta oliy ta’lim muassasasida tayyorlanmoqda.

Теглар

Мавзуга оид