Madaniyat vazirligi san’atkorlarni soliqqa tortishda yengilliklar berishni so‘radi

Кеча 23:033 дақиқа

Ta’kidlanishicha, vazirlik loyiha yuzasidan yengilliklar kiritish, soliq stavkalarini toifalar kesimida adolatli belgilash, soha vakillari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish hamda normalarni aniqlashtirish bo‘yicha takliflar bildirgan.

Madaniyat vazirligi san’atkorlarni soliqqa tortishda yengilliklar berishni so‘radi

O‘zbekistonda 2026 yil 1-sentabrdan boshlab to‘y, konsert va ko‘ngilochar maskanlarda xizmat ko‘rsatuvchi barcha ijrochilar (xonanda, boshlovchi, sozanda va b.) uchun «bir xizmat — bir to‘lov» tamoyili asosida yangi soliq tizimi joriy etilmoqda.

Ushbu qaror loyihasi Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. 2029-yilgacha amal qiluvchi taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, daromad miqdoridan qat’i nazar — hatto xizmat bepul ko‘rsatilgan taqdirda ham — har bir chiqish uchun belgilangan miqdorda soliq undiriladi, faqat davlat tadbirlari bundan mustasno hisoblanadi. Madaniyat vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Vazirlik ushbu hujjatni ko‘rib chiqib, ayrim bandlari yuzasidan e’tirozlar kiritilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Prezidentning 2022-yil 13-iyuldagi «Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF–168-son Farmoniga asosan mazkur toifadagi shaxslar uchun daromad solig‘ini deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan tartibda to‘lash mexanizmi joriy etilgan.

Ushbu tartibga asosan san’atkorlar har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lab kelmoqda. Bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu miqdor 412 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, ular alohida yillik daromadidan deklaratsiya asosida 12 foiz miqdorida daromad solig‘i ham to‘laydi.

«Demak, amaldagi tartibga ko‘ra, konsert-tomosha sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar soliq to‘lash tizimidan tashqarida emas. Ular uchun qonuniy soliq mexanizmi amalda mavjud va qo‘llanilmoqda. Shu nuqtai nazardan, bugungi muhokamalarda ayrim holatlarda uchrayotgan «san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi» degan talqinlar haqiqatga to‘liq mos kelmaydi», - deyiladi vazirlik bayonotida.

Davlat tadbirlariga tekinga bormaydi

Bundan tashqari Madaniyat vazirligining ta’kidlashicha, vazirlik va boshqa davlat organlari tomonidan tashkil etilgan davlat tadbirlari hamda boshqa tadbirlarga jalb etiladigan ijodkorlar va ijrochilarning xizmat haqlari, gonorarlari qonuniy tartibda to‘lab berilishi bo‘yicha ham aniq mexanizmlar belgilangan.

«Madaniyat vazirligi tomonidan qaror loyihasining ayrim bandlariga yengilliklar kiritish, amaliy qo‘llash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish, soliq miqdorlarini toifalar kesimida adolatli belgilash, sohaning turli ishtirokchilari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish hamda qator normalarni yanada aniqlashtirish bo‘yicha taklif va e’tirozlar bildirilgan. Vazirlik ushbu masalada jamoatchilik fikri, ijodkorlar va soha vakillarining takliflari muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Chunki qabul qilinadigan har qanday qaror, avvalo, qonuniylik, adolat va amaliy samaradorlik tamoyillariga asoslanishi kerak. Madaniyat vazirligi mazkur loyiha yuzasidan muhokamalarda konstruktiv yondashuv tarafdori ekanini ma’lum qiladi», - deyiladi bayonotda.

Soliq qancha bo‘ladi?

San’at vakillari tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi qolganlarnikidek 12 foiz ko‘rinishida bo‘lmaydi. Hukumat bu uchun ham tizim taklif qilmoqda.

RASM

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan 2029-yil 1-yanvarga qadar «bir xizmat – bir to‘lov» miqdorlari hududlarga qarab farq qiladi va san’atkorlar reyting toifalariga bo‘linadi.

I reyting guruhi san’atkorlar qishloq joylarda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 barobari — 412 ming so‘m soliq to‘lasa, shahar joylarda BHMning 3 barobari miqdorida — 1 mln 236 ming so‘m budjetga to‘lov qiladi. Bu chet el valutasida 100 dollarga ham bormaydi.

III reyting guruhi vakillari esa qishloq joylarda BHMning 0,25 barobarida, 103 ming so‘m miqdorida soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.

Bunda to‘lovlar bepul asosda xizmat ko‘rsatilgan taqdirda ham undiriladi. Biroq, Madaniyat vazirligi tomonidan davlat tadbirlariga bepul jalb qilingan hollar bundan mustasno.

Taklif qilinayotgan tizimda hududlardagi iqtisodiy holat va san’at vakillarining reytingi, bu orqali topadigan daromadi inobatga olingan.

Hamma kabi 12 foizli daromad solig‘i 2029-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi. Ungacha san’at vakillarida moslashish uchun bir necha yil vaqt bo‘ladi.

Теглар

Мавзуга оид