Milliy kutubxonada sun’iy intellekt asosida yangi tizimlar joriy etiladi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish, axborot resurslarini raqamlashtirish va avtomatik tahlil qilish tizimlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Milliy kutubxonada sun’iy intellekt asosida yangi tizimlar joriy etiladi © sun'iy intelekt

Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatini raqamli transformatsiya qilish va interaktiv xizmatlarni kengaytirishga qaratilgan qator yangi vazifalar belgilangan. Asosiy e’tibor sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, sun’iy intellekt yordamida kitobxonlar ehtiyojlarini tahlil qilish, ularga mos tavsiyalar berish hamda axborot qidirish jarayonlarini tezlashtiruvchi dasturiy yechimlar ishlab chiqiladi. Bu orqali foydalanuvchilar uchun kerakli ma’lumotlarni topish va manbalardan foydalanish jarayoni soddalashtirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2027 yil 1-avgustga qadar axborot resurslarini keng ko‘lamda raqamlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyihada avtomatik tanib olish tizimlarini joriy etish, nashrlarni elektron kataloglashtirish va tasniflash jarayonlarini takomillashtirish ham ko‘zda tutilgan.

«Kitobxonlar xiyoboni»ni tashkil etiladi

Qaror loyihasi doirasida interaktiv xizmatlar sonini ko‘paytirish va xalqaro axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham belgilangan. Bu kutubxona faoliyatini xalqaro axborot makoniga integratsiya qilishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Bundan tashqari, «Ma’rifat markazi» binosining bir qismini kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish uchun Milliy kutubxonaga ajratish taklif qilingan. Shu bilan birga, «Ochiq osmon ostidagi kutubxona» formatida «Kitobxonlar xiyoboni»ni tashkil etish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид