Moody’s O‘zbekistonning kredit reytingini bir pog‘onaga oshirdi
Agentlik O‘zbekistonning uzoq muddatli kredit reytingini «Ba3»dan «Ba2» darajasiga ko‘tardi. Sal avval Fitch ham mamlakat kredit reytingini yaxshilagan edi.

Xalqaro reyting agentligi Moody's O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini «Ba3»dan «Ba2»gacha ko‘tardi. Reyting prognozi esa «ijobiy»dan «barqaror»ga o‘zgartirildi. Bu haqda agentlik rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Kredit reytingi oshirilishi O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi ishonchliligi yana bir pog‘onaga yaxshilanganini anglatadi.
Agentlikka ko‘ra, reytingning oshirilishiga so‘nggi yillarda davlat boshqaruvi va iqtisodiy siyosat samaradorligining ortgani, fiskal intizomning mustahkamlangani hamda iqtisodiyotning tashqi xatarlarga nisbatan barqarorroq bo‘lgani sabab bo‘lgan.
So‘nggi uch yilda mamlakat iqtisodiyoti o‘rtacha 6,9 foiz o‘sdi, 2025-yilda esa o‘sish 7,7 foizni tashkil etdi. 2026-yilning birinchi choragida esa iqtisodiy o‘sish 8,7 foizgacha tezlashgan.
Moody's hisobotida budjet intizomi alohida qayd etilgan. Xususan, budjet taqchilligi 2023-yildagi 4 foizdan oshiq darajadan 2025-yilda 2 foiz atrofidagacha qisqargan.
Bunga energiya subsidiyalarining kamaytirilishi, tariflarni bosqichma-bosqich bozor darajasiga olib chiqish va davlat qarzini boshqarish tizimining yaxshilangani xizmat qilgan. Agentlik 2026–2028-yillarda ham budjet taqchilligi 3 foizdan past bo‘lishini kutmoqda.
Shuningdek, xususiylashtirish va davlat korxonalarini isloh qilish jarayoni, jumladan UzNIF'ning xalqaro fond birjalarida IPO o‘tkazgani ham ijobiy omil sifatida baholangan. Moody's buni investorlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ishonchi ortayotganining belgisi deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, agentlik ayrim xatarlarni ham sanab o‘tgan. Davlat korxonalari va davlat banklarining iqtisodiyotdagi ulushi hanuz yuqoriligi, ularni xususiylashtirish murakkab jarayon ekani hamda geosiyosiy noaniqliklar reytingning keyingi oshishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Biroq hozirgi sharoitda Moody's O‘zbekistonning kredit profili «Ba2» darajasiga mos kelishini va istiqbol barqaror ekanini ta’kidlagan.
Avvalroq, Fitch xalqaro reyting agentligi ham O‘zbekiston suveren kredit reytingini «BB» darajasida tasdiqlab, reyting kutilmasini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirgandi.





