Nepaldagi suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 800 nafarga yaqinlashdi
Qutqaruvchilar hozirgacha 781 kishining jasadini topdi. Shuningdek, Nepalda 2502 kishi bedarak yo‘qolgan.

Nepal va Xitoyda qutqaruvchilar Himolaydagi muzlik qulashi ortidan yuzaga kelgan ulkan sel va loy oqimida bedarak bo‘lgan minglab odamlarni izlash ishlarini davom ettirmoqda.
Nepal falokatlar boshqarmasi 781 kishi halok bo‘lgani, 2502 kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi. Xitoyning Tibet hududidagi Jirong uyezdida esa 16 kishi halok bo‘lgan, 546 kishi bedarak yo‘qolgan.
Qizil Xochning baholashicha, ofatdan 90 mingdan ortiq odam jabrlangan bo‘lishi mumkin. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I buni so‘nggi yillardagi «eng og‘ir chegaralararo ofat» deb atagan. U qutqaruv ishlari murakkabligi misli ko‘rilmagan darajaga yetganini bildirgan.
Nepalda qutqaruv ishlarining asosiy qismi suv bosgan beshta gidroenergetika loyihasiga qaratilgan. Ular orasida «Yuqori Trishuli» majmuasi ham bor. Mazkur obyektda 350 ga yaqin kishi tunnel ichida qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
Tanib bo‘lmas jasadlar
Nepalda qurbonlar sonining ko‘pligi va jasadlarning daryolar orqali yuzlab kilometrga oqib ketgani ularning shaxsini aniqlash jarayonini qiyinlashtirmoqda. Shaxsi noma’lum jasadlar saqlash va identifikatsiya qilish uchun mamlakatning turli hududlaridagi 21 ta shifoxonaga jo‘natilgan.
Nepalda tanib bo‘lmaydigan yuzlab qurbonlarni ommaviy dafn qilish ham boshlandi. Chitvan hududida ofat oqibatida oqib kelgan jasadlarni dafn etish uchun yuzlab qabrlar qazildi. Shanba kuni shaxsi aniqlanmagan 96 nafar qurbon ko‘mildi, yakshanba kuni yana 100 dan ortiq jasadni dafn etilgan. Rasmiylar jasadlarning tez chirishi aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkinligini bildirgan. Shu sababli dafndan oldin DNK namunalari olinmoqda va dafn joylari hujjatlashtirilmoqda.
Ayni paytda Bxote-Koshi va Trishuli daryolaridagi toshqinlardan zararlangan hududlarda keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiyalarga jami 19 895 nafar xavfsizlik xodimi, jumladan 8 399 nafar armiya, 7 213 nafar politsiya va 4 203 nafar Qurolli kuchlar xodimi jalb qilingan. Xitoy va Hindistondan kelgan ixtisoslashtirilgan guruhlar ham operatsiyalarda ishtirok etmoqda. Hozirgacha 8 186 kishi qutqarilgan. Mamlakat qutqaruv va gumanitar yordam ishlariga kamida 220 million yuan, ya’ni 32,7 million dollar ajratgan.





