«NKMK» 2025 yilda rekord darajada — 3,5 mlrd dollar foyda oldi

Oltin narxining keskin oshishi fonida «NKMK» rekord darajada foyda qildi. 2025 yilda kompaniya sof foydasi 64 foizga o‘sib, 3,5 mlrd dollarni tashkil qildi.

«NKMK» 2025 yilda rekord darajada — 3,5 mlrd dollar foyda oldi

O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchi kompaniya — «Navoiy KMK» 2025-yil uchun to‘liq moliyaviy hisobotini e’lon qildi.

2025-yil davomida kompaniya daromadi 46,5 foizga o‘sib, 10,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Sof foyda esa qariyb 64 foizga o‘sdi va 3,5 mlrd dollardan oshdi.

1

«NKMK»ning soliq to‘langunga qadar foydasi yanada ko‘proq — 71,1 foizga ko‘payib, 6,1 mlrd dollarga yetdi.

Kombinatning yagona aksiyadori davlat bo‘lib, 2025-yil yakuniga ko‘ra davlat budjetiga to‘langan dividendlar 3,2 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagi 1,73 mlrd dollar bilan solishtirganda 85 foizga ko‘proq degani.

1-yanvar holatiga ko‘ra, kompaniyaning umumiy qarzi 2,46 mlrd dollarni, kapitali esa 5,4 mlrd dollarni tashkil etdi.

Nega foyda bu qadar ko‘p bo‘ldi?

Kompaniyaning asosiy mijozi O‘zbekiston Markaziy banki bo‘lib, 2025-yilda unga 9,99 mlrd dollarlik oltin sotuvi amalga oshirilgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 7,3 mlrd dollar edi. Markaziy bank uchun 2025-yildagi oltin sotuvi rekord darajada bo‘ldi.

2025-yilda oltin narxining keskin oshishi kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlarini keskin yaxshiladi. Yil davomida oltin narxi 70 foizdan ko‘proqqa oshib, unsiyada 2 650 dollar atrofidagi ko‘rsatkichdan 4 500 dollargacha ko‘tarilgandi.

2026-yil boshida ham oltin keskin qimmatlab, 5 600 dollardan ham oshib ketdi. Ayni paytda narx to‘g‘irlanishi yuz berib, qimmatbaho metall yana 4 500 dollar atrofida bo‘lib turibdi.

2

Oltin narxlari 2025 yildagidek keskin o‘smagan yillarda kompaniya foydasi u qadar ko‘p bo‘lmagan. Masalan, 2022 yilda foyda ko‘rsatkichi pasayib, 1 mlrd dollarga tushib qolgandi.

IPO yaqin

Joriy yilda Milliy investitsiya jamg‘armasining IPO’si bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. IPO bu aksiyalarni birinchi marta ommaviy chiqarilishi hisoblanadi.

Bloomberg xabar berishicha, jamg‘arma IPOsini Toshkent va Londonda dual listing ko‘rinishida ikki tomonlama amalga oshirish reja qilingan. Hozirda jamg‘arma tarkibida 12 ta davlat kompaniyasi va 1 ta davlat banki bor.

«O‘zbekiston–2030» strategiyasida 2026-yilda 2 ta IPO bo‘lib o‘tishi belgilangan. Ikkinchi IPO aynan «NKMK» ishtirokida bo‘lishi mumkin.

Bloomberg «NKMK» IPOsi sekinlashgani, O‘zbekiston hukumati IPO ortidan davlat budjetiga kelib tushuvchi dividendlar kamayishidan xavotirda ekanini yozgandi. Kompaniya qarzlar bilan birga 20 mlrd dollarga baholanmoqchi.

NKMK — eng yirik soliq to‘lovchi

Ma’lumot uchun, «NKMK» 2025-yilda 54,6 trln so‘m soliq to‘lagan. Kompaniya uzoq yillardan beri O‘zbekistonda eng yirik soliq to‘lovchi hisoblanadi.

2026-yilda ham «NKMK» davlat budjetiga eng ko‘p soliq to‘lovchi kompaniya bo‘lishi kutilmoqda. Budjetning 20,2 foizi aynan «NKMK» orqali ta’minlanishi kutilmoqda. Unga eng yaqin «OKMK»ning ulushi 5,2 foizni tashkil qiladi.

Avvalgi yillarda «NKMK»ning budjet daromadlaridagi ulushi 20 foizdan kamroq edi. Oltin narxining yuqori shakllanishi bo‘yicha kutilmalar budjet prognozlarini ham oshirdi.

Biroq, ayni paytda oltin narxi rekord ko‘rsatkichdan sezilarli past darajada. Yanvar oxirida 5 600 dollarlik rekordga nisbatan hozirgi oltin narxi 1 100 dollarga kamayib, 4 500 dollar atrofida bo‘lib turibdi.

Oltin narxi yil davomida hozirgi darajada saqlanib qoladigan bo‘lsa, bu «NKMK» daromadlariga ham, ehtimoliy IPOga ham ta’sir qilishi mumkin.

Bundan tashqari, oltinning O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishga ham ta’siri mavjud. 2025-yilda qimmat oltin iqtisodiyotni kutilganidan ham yaxshiroq — 7,7 foiz ko‘rinishida o‘sishiga yordam berdi.

Теглар

Мавзуга оид