Logo

«Oltin eng yaxshi sarmoya bo‘lib chiqdi»: O‘zbekiston iyul oyida 1 tonna oltin sotdi

Бугун 21:292 дақиқа

Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida jahon markaziy banklari sof 23 tonna oltin sotib oldi. O‘zbekiston oltin sotgan davlatlar safidan joy oldi. Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston zaxiradagi oltinlarni «qulay narxlarda» sotish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

«Oltin eng yaxshi sarmoya bo‘lib chiqdi»: O‘zbekiston iyul oyida 1 tonna oltin sotdi © Foto: Bloomberg

Jahon markaziy banklari iyul oyida sof 23 tonna oltin sotib oldi. Bu jarayonda rivojlanayotgan bozorlar, xususan, Xitoy va Polsha asosiy xaridorlar bo‘lgan bo‘lsa, Rossiya va O‘zbekiston oltin sotgan davlatlar qatoridan joy oldi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning boshidan buyon markaziy banklar tomonidan jami 130 tonnaga yaqin oltin xarid qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida taxminan 160 tonnani tashkil etgan edi.

Yetakchi xaridorlar va sotuvchilar ko‘rsatkichlari

Polsha Milliy banki joriy yil hisobidan 90 tonna oltin xarid qilib, bu borada jahonda peshqadam bo‘lib turibdi. Iyul oyida mamlakat yana 8 tonna qimmatbaho metall sotib olgan. Shunday qilib, Polshaning oltin zaxiralari 640 tonnaga yetgan va bu umumiy zaxiralarning 28 foizini tashkil qiladi. Mamlakat ushbu ko‘rsatkichni 700 tonnaga yetkazishni maqsad qilgan.

Xitoy Xalq banki esa ketma-ket 21 oy davomida oltin zaxiralarini oshirmoqda va iyul oyida yana 20 tonna xarid qilgan. Ta’kidlanishicha, 2026 yilning may oyidan buyon bank har oy ikki xonali raqamlardagi tonna hajmida oltin sotib olishni davom ettirmoqda. Xitoy yil boshidan beri 60 tonna oltin sotib olgan va hozirda 2 366 tonna zaxira bilan dunyoda oltinchi yirik oltin zaxira egasi bo‘lib turibdi. Mamlakatning rasmiy oltin zaxiralari umumiy zaxiralarning 8 foizini tashkil etadi.

Iyul oyida Rossiya eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi — 6 tonna. Yil boshidan beri mamlakat 50 tonna oltin sotgan va uning zaxiralari 2 277 tonnagacha kamaygan. Turkiya, Iordaniya va O‘zbekiston esa 1 tonnadan sotuvlarni amalga oshirgan. Xususan, Turkiya Respublikasi Markaziy banki yil boshidan beri jami 85 tonna oltin sotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Chexiya Milliy banki ketma-ket 41 oylik xaridlar doirasida iyul oyida 2 tonna oltin sotib oldi (yil boshidan beri 12 tonna, umumiy zaxira 84 tonna yoki 6 foiz).

Qozog‘iston Milliy banki, Malayziya va Boliviya Markaziy banklari esa 1 tonnadan oltin xarid qilgan. Joriy yilda Qozog‘iston 29 tonna oltin to‘plab, dunyodagi eng yirik beshta xaridordan biriga aylandi va uning oltin zaxiralari umumiy zaxiraning 75 foiziga yetdi.

Oltin bozorining nisbatan yangi ishtirokchilari bo‘lgan Malayziya va Boliviya esa mos ravishda 6 tonna va 2 tonna oltinga egalik qilmoqda.

O‘zbekiston oltin sotuvchilar qatoridan joy oldi

O‘zbekiston Markaziy banki iyul oyida 1 tonna oltin sotgan. Yil boshidan beri mamlakatning oltin xaridi 40 tonnani tashkil qilgan.

Yaqinda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov amerikalik investorlar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.

«Oltin shu paytgacha eng yaxshi sarmoya bo‘lib chiqdi», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiriladi xabarda.

Shu bilan birga, Ishmetov Markaziy bank zaxiralarni boshqarish umumiy rejasi doirasida qimmatbaho metallni «qulay narxlarda» sotish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ta’kidlagan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonning oltin zaxirasi 431 tonnani tashkil etib, mamlakat umumiy zaxiralarining 87 foiziga teng bo‘lib turibdi.

Теглар

Мавзуга оид