Oltin markaziy banklarning asosiy rezerv aktiviga aylandi

Zaxiralardagi oltin ulushi ilk bor AQSH obligatsiyalarini ortda qoldirdi

Oltin markaziy banklarning asosiy rezerv aktiviga aylandi © Bloomberg

Oltin dunyo markaziy banklari rezervlarida eng yirik aktiv maqomini qo‘lga kiritdi.

Yevropa markaziy bankining yangi hisobotiga ko‘ra, 2025 yil yakunida oltin quymalari global zaxira aktivlarining 27 foizini tashkil etgan.

Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi 20 foizdan sezilarli yuqori hisoblanadi.

Shu bilan oltin AQSH g‘aznachilik obligatsiyalarini ortda qoldirdi va markaziy banklar uchun eng muhim zaxira vositasiga aylandi.

Hisobotga ko‘ra, shu davrda AQSH davlat obligatsiyalarining rezervlardagi ulushi 25 foizdan 22 foizgacha qisqargan.

Yevrodagi aktivlar ulushi esa 15 foiz darajasida qolgan.

Dollarga muqobil qidirilmoqda

«Financial Times» nashrining ta’kidlashicha, markaziy banklar tomonidan oltin xaridlarining ko‘payishi qator davlatlarning AQSH dollariga qaramlikni kamaytirishga intilishi bilan bog‘liq.

Tahlilchilarning fikricha, bu jarayon ayniqsa 2022 yildan keyin, ya’ni Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng tezlashgan. O‘sha yili AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyaning xorijdagi dollar aktivlariga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид