Logo

O‘zbekiston aholisi qanday qilib 810 mingga ko‘paydi? Statistika qo‘mitasi izoh berdi

Бугун 20:372 дақиқа

Aholini ro‘yxatga olish yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39,04 million nafarni tashkil etdi.

O‘zbekiston aholisi qanday qilib 810 mingga ko‘paydi? Statistika qo‘mitasi izoh berdi © Foto: t.me/census_2026

2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 047 321 nafarni tashkil etdi. Bu joriy statistik hisob-kitoblardagi ko‘rsatkichdan 810 617 nafar yoki 2,1 foizga yuqori. Bu haqda «Milliy statistika qo‘mitasi» aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olishga bag‘ishlangan rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, mazkur farq aholi soni sun’iy ravishda oshirilganini anglatmaydi. Joriy ro‘yxatga olish mamlakatda amalda yashab turgan aholini to‘liqroq qamrab olgan.

Qayd etilishicha, farq yuzaga kelishining asosiy sabablari quyidagilar bilan bog‘liq:

— joriy hisob-kitoblar odatda tug‘ilish, o‘lim va migratsiya bo‘yicha ma’muriy ma’lumotlar asosida yuritiladi;

— aholining ichki harakati, yashash joyini o‘zgartirishi, vaqtincha boshqa hududda bo‘lishi yoki ro‘yxat ma’lumotlarining o‘z vaqtida yangilanmasligi hisob-kitoblarda farq keltirib chiqarishi mumkin;

— ro‘yxatga olish jarayonida uy xo‘jaliklari, turar joylar va manzilli obyektlar bo‘yicha ma’lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholidan yig‘ilgan;

onlayn ro‘yxatga olish, OneID tizimi, planshetlar va geolokatsiya ma’lumotlaridan foydalanish qamrovni kengaytirishga xizmat qilgan;

— O‘zbekiston hududida 1 yildan ortiq istiqomat qilayotgan xorijiy fuqarolar ham ro‘yxatga olingan.

Xalqaro amaliyot

«Milliy statistika qo‘mitasi»ga ko‘ra, joriy statistika va ro‘yxatga olish natijalari o‘rtasidagi tafovut xalqaro amaliyotda odatiy hol hisoblanadi.

Masalan, Kanadada bu ko‘rsatkich 3,15 foizni, Qozog‘istonda 1,6 foizni, Rossiyada esa 1,12 foizni tashkil etgan.
Ayrim davlatlarda esa ro‘yxatga olish natijalari joriy hisob-kitoblardan past chiqqan. Xususan, Belarusda farq minus 0,7 foiz, Avstraliyada esa minus 0,2 foizni tashkil etgan.

Qo‘mitaning fikricha, O‘zbekistondagi 2,1 foizlik farq xalqaro amaliyot doirasiga to‘liq mos keladi.

Ro‘yxatga olish natijalari

Aholi ro‘yxatga olish 15-yanvardan 28-fevralgacha ikki bosqichda o‘tkazildi. Dastlab fuqarolar maxsus axborot tizimi orqali mustaqil qatnashdi, keyin esa uyma-uy yurish orqali ma’lumotlar yig‘ildi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, onlayn ro‘yxatga olish aholining 82,3 foizini qamrab olgan, nazorat tekshiruvi esa 97,3 foiz aholini o‘z ichiga olgan. Aholining 2,7 foizi esa turli sabablarga ko‘ra ro‘yxatga olish jarayonlarida ishtirok etmagan.

Aholining 35,7 mln nafari yoki 91,3 foizi o‘zbek tilini ona tili sifatida ko‘rsatgan. Aholining millatlar bo‘yicha tarkibida o‘zbeklar ulushi 89,4 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, bir nafar aholini ro‘yxatga olish xarajati 0,12 AQSH dollarini (jami 56,4 milliard so‘m) tashkil etgan.

Теглар

Мавзуга оид