Logo

O‘zbekiston mayda oltin sotmadi

So‘nggi 8 oy davomida mamlakat faqat aprel oyida oltin sotuvini amalga oshirdi. Bu paytda eksport 15,5 foizga kamayib ketdi.

O‘zbekiston mayda oltin sotmadi © Bloomberg

May oyida O‘zbekiston yana oltin eksport qilmadi. Umumiy eksport hajmi 15,5 foizga kamayib ketdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining tashqi savdo bo‘yicha hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

5 oy davomida tashqi savdo aylanmasi 32,8 mlrd dollarga yetdi va 2025 yilning mos davriga nisbatan 1,2 mlrd dollarga yoki 3,7 foizga ko‘paydi.

Tashqi savdoda eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 15,5 foizga kamayib, 12,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Import esa 20,8 foizga o‘sib, 20,1 mlrd dollarga yetdi.

Bunda O‘zbekiston tashqi savdosida salbiy saldo 7,5 mlrd dollargacha ko‘paydi. Taqqoslash uchun 2025 yil mos davrida bu ko‘rsatkich 1,7 mlrd dollarni, 2024 yilda 4,6 mlrd dollarni tashkil qilgandi.

Eksport kamayishi va salbiy saldo ko‘rsatkichi oshishiga oltin eksporti deyarli to‘xtatilgani sabab bo‘lyapti. Oxirgi 8 oy davomida O‘zbekiston faqatgina 2026 yilning aprel oyida oltin eksportini amalga oshirdi — 1,5 mlrd dollar.

Nega oltin eksport qilinmayapti?

O‘zbekiston avvalgi yillarda oltinning faol eksportyori edi. Biroq, geosiyosiy notinchliklar va iqtisodiy vaziyat fonida oltin narxlari sezilarli o‘zgarishni boshladi.

2025 yil davomida oltin bir necha bor tarixiy rekordlarni yangiladi. Jahon bo‘yicha narxlar 70 foizdan ko‘proq oshgan bo‘lsa, oltin quymalari ham o‘sishda davom etdi va jozibador sarmoya vositasiga aylandi.

Yanvar oyiga kelib, oltinning unsiyadagi global narxi 5 500 dollardan yuqoriga ko‘tarilib tarixiy rekordni yangiladi. Biroq, keyinchalik narxlar sezilarli pasayishni boshlab, hozirda 4 000 dollardan past bo‘lib turibdi.

Oltin narxlari iyun oyida maydagidan ham ancha pastroq shakllandi. Katta ehtimol bilan hukumat iyun oyida ham bunday shartlarda oltin sotuvini amalga oshirmagan bo‘lishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид