Logo

O‘zbekistonda 2030-yilgacha 15 ta oliygoh dunyoning top-500 ligiga kiritiladi

O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida «1+3», «2+2» va «3+1» kabi integratsiyalashgan ta’lim dasturlari keng joriy etilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan yangi strategiyaga ko‘ra, mamlakatda nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlik yangi darajaga olib chiqiladi.

O‘zbekistonda 2030-yilgacha 15 ta oliygoh dunyoning top-500 ligiga kiritiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga oshgan. Talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetgan.

2030 yilga qadar kamida 5 ta oliygohni umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasini fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan.

Shuningdek, 100 ta oliygoh dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, kamida 150 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va pedagoglarining kamida 30 foizini xorijiy til, kasb va mutaxassislik bo‘yicha xalqaro sertifikatlar bilan ta’minlash, texnikumlarning 2,5 ming nafar hamda oliygohlarning 20 ming nafar pedagogini xorijda malaka oshirishga yuborish vazifalari belgilangan.

Integratsiyalashgan ta’lim dasturlari kengayadi

Taqdimotda integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini keng joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Ta’kidlanishicha, bunday tizim talabalarga o‘qish davomida bir nechta universitetda ta’lim olish, turli mamlakatlar akademik standartlaridan foydalanish imkonini beradi.

Hozirda Toshkentdagi «Inha» universiteti va Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Britaniyaning 10 dan ortiq oliygohi bilan hamkorlikda «1+3», «2+2» va «3+1» modellari yo‘lga qo‘yilgan. 371 nafar talaba ushbu dasturlar orqali Britaniya standartlariga mos diplom olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Yangi oliy maktab tashkil etiladi

Shu munosabat bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilingan.

Oliy maktabda ta’lim jarayoni Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda Sapiyensa, Sautgempton, Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirilgan ta’lim dasturlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda 2030-yilgacha 15 ta oliygoh dunyoning top-500 ligiga kiritiladi | Vaqt.uz