O‘zbekistonda bank kartasini mobil ilovaga biriktirish va pul o‘tkazish tartibi o‘zgaradi

Кеча 20:222 дақиқа

22-apreldan mobil ilovalar yoki bank kartalariga biriktirilgan telefon raqami o‘zingizga tegishli bo‘lmasa, belgilangan muddatdan keyin ushbu raqam orqali ilovadan foydalanish imkoni cheklanadi.

O‘zbekistonda bank kartasini mobil ilovaga biriktirish va pul o‘tkazish tartibi o‘zgaradi

Joriy yil 22-apreldan boshlab mobil ilovadan foydalanish uchun unga ulangan telefon raqami ham o‘sha shaxs nomida bo‘lishi kerak. Bu haqda Markaziy bank Boshqaruvining 2026-yil 21-yanvarda Adliya vazirligidan 3759-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan yangi Nizomida keltirilgan.

Qayd etilishicha, agar bunday moslik aniqlanmasa, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazishga hamda bank kartasini biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Tizimda moslik aniqlanmasa, bank yoki to‘lov tashkiloti foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etadi va bu haqda SMS-xabarnoma orqali ma’lum qiladi.

Foydalanuvchi tizimda ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng mobil ilovadagi hisobga olish yozuviga (akkauntga) login va parolni qaytadan terib, telefon raqamiga yuborilgan OTP kodni kiritgan holda autentifikatsiyadan o‘tish ta’minlanadi.

Shuningdek, foydalanuvchi tizimda ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, uning faol sessiyasi akkauntdan chiqarib yuboriladi. Bank kartasini mobil ilovaga biriktirish jarayoni esa alohida OTP-kodni kiritish va majburiy biometrik identifikatsiyadan (yuzni skanerlash) o‘tish orqali amalga oshiriladi.

Nizomga ko‘ra, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida bir qator qat’iy cheklovlar o‘rnatiladi:

Unga ko‘ra, tasdiqlash kodlari kamida 6 ta belgidan (lotin harflari va raqamlar) iborat bo‘lishi, amal qilish muddati 59 soniyadan oshmasligi shart. Agar kod 3 marotaba noto‘g‘ri kiritilsa, u o‘z kuchini yo‘qotadi va foydalanuvchining harakatlari 15 daqiqaga cheklanadi.

Tizimga boshqa qurilmadan kirilganda yoki parol tiklanganda, ushbu akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi va moliyaviy amaliyotlar tarixi o‘chiriladi. Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi hisobga olish yozuviga (akkauntga) faqat ushbu shaxsga (yaqin qarindoshlarni istisno qilgan holda) tegishli bo‘lgan bank hisobvarag‘i, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirishga hamda ushbu hisobga olish yozuvi (akkaunt) orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida naqd pulsiz o‘tkazmalarni (bundan buyon matnda P2P o‘tkazmalar deb yuritiladi) amalga oshirishga ruxsat beriladi. Bunda, yaqin qarindoshlarga qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari kiradi.

Shuningdek, firibgarlikning oldini olish maqsadida veb-saytlar orqali kartadan kartaga (P2P) pul o‘tkazmalarini amalga oshirish to‘xtatiladi. Barcha o‘tkazmalar faqat mobil ilovalar orqali va OTP-kod bilan tasdiqlangan holda bajariladi.

Bundan tashqari, banklar va to‘lov tashkilotlari masofaviy identifikatsiyada «hayotiylik faktorini» (liveness detection) aniqlaydigan tizimlardan foydalanishi shart etib belgilandi. Bu tizim yuz tasviri haqiqiy insonga tegishli ekanligini real vaqt rejimida tekshiradi.

Теглар

Мавзуга оид