Logo

O‘zbekistonda hisobda bo‘lmagan 985 ming gektar yer aniqlandi

Бугун 13:251 дақиқа

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi aniqlashtirildi. Shundan 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda hisobda bo‘lmagan 985 ming gektar yer aniqlandi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida avval hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi aniqlandi. Bu haqda 2-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan ro‘yxatga olish yakunlari bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.

Aniqlangan yerlarning 789,5 ming gektari ekin maydonlari, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar, 14,1 ming gektari issiqxonalar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi.

Ro‘yxatga olish natijalari asosida aholi va qishloq xo‘jaligining doimiy yangilanadigan statistik registrlari shakllantiriladi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha 100 ta hamda qishloq xo‘jaligi va ekin maydonlariga oid 50 ta ko‘rsatkich yangilanadi.

Statistika qayta hisoblanadi

Ro‘yxatga olish ma’lumotlari asosida 2017–2025-yillar uchun milliy hisoblar ko‘rsatkichlari ham qayta baholanadi. Prezident mutasaddilarga yangi ma’lumotlarni chuqur tahlil qilish va ulardan davlat dasturlarini ishlab chiqishda samarali foydalanish bo‘yicha topshiriq berdi.

Milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. 2027-yil 1-iyulga qadar Milliy ma’lumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 2026-yil 15-oktabrdan 30-noyabrga qadar biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi taklifi ma’qullandi.

Yangi ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi resurslarini aniq hisobga olish va davlat dasturlarini ishlab chiqishda statistik bazani yangilash imkonini beradi.

Теглар

Мавзуга оид