O‘zbekistonda naqd valyutani deklaratsiyasiz olib chiqish limiti oshirilishi mumkin
O‘zbekistonda naqd milliy va xorijiy valutani bojxona deklaratsiyasisiz olib chiqish limiti 10 ming dollar ekvivalentigacha oshirilishi rejalashtirilmoqda. Hozirda bu chegara 100 mln so‘mni tashkil etadi.
© ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekistonda yo‘lovchilar naqd milliy va xorijiy valyutani bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan olib chiqishi mumkin bo‘lgan limitni 10 ming dollar ekvivalentigacha oshirish taklif qilinmoqda. Hozirgi chegara 100 mln so‘m yoki 2-sentabrdagi kurs bo‘yicha taxminan 8453 dollarni tashkil etadi. Bu chora «Yangi O‘zbekiston bojxonasi — 2030» strategiyasida nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, faqat belgilangan limitdan oshgan naqd pul uchun deklaratsiya talab qilinadigan tizim yaratilishi mumkin. Bojxona qo‘mitasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish va uni 2027-yil dekabriga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Amaldagi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan naqd milliy yoki xorijiy valyutani deklaratsiyasiz olib chiqishga 2023-yil sentabridan boshlab ruxsat berilgan. Bunga qadar limit 70 mln so‘m edi.
100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ olib chiqilganda esa deklaratsiya to‘ldirilishi shart. Bunda faqat limitdan oshgan summa emas, balki olib chiqilayotgan barcha mablag‘ ko‘rsatiladi.
Istisnolar ham bor
Hozirda 100 mln so‘mdan ortiq naqd pulni olib chiqishga ayrim holatlarda ruxsat beriladi. Jumladan, xorijiy xizmat safariga yuborilayotgan hukumat delegatsiyalari a’zolari uchun istisno mavjud.
Norezidentlar avval O‘zbekistonga olib kirgan va deklaratsiya qilgan valyuta qoldig‘ini olib chiqishi mumkin. Xalqaro musobaqa, tanlov va olimpiadalar ishtirokchilari hamda sovrindorlari uchun ham alohida tartib belgilangan.





