O‘zbekistonda nodavlat teatrlar, kino va konsert tashkilotlari 10 yilga soliqlardan ozod etiladi

Бугун 09:201 дақиқа

Prezident farmoniga muvofiq, xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekistonda olgan daromadlari soliqqa tortilmaydi.

O‘zbekistonda nodavlat teatrlar, kino va konsert tashkilotlari 10 yilga soliqlardan ozod etiladi © Фото: Afisha.uz

2026 yil 1-sentabrdan boshlab asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya bo‘lgan subyektlar, shuningdek, nodavlat teatrlar va xususiy ta’lim tashkilotlari bir qator soliq turlaridan ozod qilinadi. Shu bilan birga, sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 200 milliard so‘mlik «Ijodga investitsiya» jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 2-iyun kuni qabul qilingan farmonida ma’lum qilindi.

Imtiyozlar va yangi jamg‘arma faoliyati

Farmonga muvofiq, 2036 yil 1-yanvarga qadar yuqorida qayd etilgan subyektlar qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanmadan olinadigan, yer va mol-mulk soliqlaridan, ularning xodimlari esa jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston hududida kino yaratish bilan bog‘liq faoliyati natijasida olgan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga to‘lov manbaida soliq solishda soliq bazasiga kiritilmaydi.

Madaniyat vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilayotgan «Ijodga investitsiya» davlat maqsadli jamg‘armasiga joriy yilning 1-iyuliga qadar 200 milliard so‘m, 2027 yildan boshlab esa har yili kamida shuncha miqdorda mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘lar biznes loyihalarni moliyalashtirish va yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarishga yo‘naltiriladi.

Теглар

Мавзуга оид