O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari qaysi davlatlar?

Бугун 14:362 дақиқа

2026 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 26,3 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi.

O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari qaysi davlatlar? © istock

O‘zbekistonning tashqi savdo faolligi 2026 yilning yanvar–aprel oylarida yuqori sur’atlarda davom etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt oylik tashqi savdo aylanmasi 26,3 mlrd AQSH dollarini tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,44 milliard dollar yoki 5,8 foizga ko‘p.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi bo‘lib qolmoqda. Ushbu davlat bilan tashqi savdo hajmi 6,2 mlrd dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasining qariyb chorak qismini tashkil etadi.

Ikkinchi eng yirik hamkor Rossiya hisoblanadi, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 4,5 mlrd dollarga yetdi. Qozog‘iston esa 1,8 mlrd dollarlik ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni saqlab qoldi.

Turkiya 920,6 mln dollarlik tashqi savdo aylanmasi bilan to‘rtinchi o‘rindan joy olgan. Keyingi o‘rinlarda Afg‘oniston (728,2 mln dollar) va Koreya Respublikasi (638,3 mln dollar) qayd etilgan.

Afg‘onistonning yuqori o‘rinlarda saqlanib qolayotgani mazkur mamlakatning O‘zbekiston mahsulotlari uchun muhim eksport bozorlaridan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, Koreya Respublikasi bilan sanoat, texnologiya va investitsiya sohalaridagi hamkorlik tashqi savdo ko‘rsatkichlarida ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, to‘rt oyda ushbu mamlakat bilan savdo hajmi 638,3 mln dollarni tashkil etgan.

Reytingning keyingi pog‘onalaridan Birlashgan Arab Amirliklari (626,7 mln dollar), Fransiya (618,1 mln dollar), Germaniya (411,6 mln dollar) va Hindiston (406,4 mln dollar) o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning tashqi savdo balansi manfiy chiqib, to‘rt oyida savdo defitsiti 6,38 mlrd dollarni tashkil qilganligi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид